Bugungi kunda elektron savdo va onlayn buyurtmalar orqali mahsulot xarid qilish iste’molchilar uchun qulay imkoniyatlardan biriga aylanib bormoqda. Biroq ayrim hollarda buyurtma qilingan mahsulotning sifati, tavsifga muvofiqligi yoki uni qaytarish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday holatlardan biri yuzasidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasiga Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarodan murojaat kelib tushdi. Fuqaroning murojaatida bayon etilishicha, u 26-sentabr kuni Yunusobod tumani 13-kvartalida joylashgan “Leylastyle” do‘konidan onlayn tarzda ko‘ylak buyurtma qilgan va mahsulot uchun 2 million 50 ming so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan. Buyurtma BTS pochta xizmati orqali yuborilgan.
Biroq mahsulot iste’molchiga yetib kelganidan so‘ng, ko‘ylak sifati bilan bog‘liq e’tirozlar yuzaga kelgan. Shuningdek, iste’molchi mahsulotning O‘zbekistonda tikilganini aniqlagan. Shu sababli u Toshkentga qaytganidan keyin, 2-oktabr kuni ko‘ylakni do‘konga olib borib, uni qaytarish masalasini ko‘targan. Ammo do‘kon sotuvchilari mahsulotni qaytarib olishdan bosh tortgan. Natijada iste’molchi o‘z muammosiga yechim topish va sarflagan pul mablag‘larini qaytarish maqsadida Federatsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Mazkur murojaat Yunusobod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilib, iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan masalani hal etish choralari ko‘rildi. Natijada iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, ko‘ylak uchun to‘langan 2 050 000 so‘m pul mablag‘ining qaytarilishi ta’minlandi. Shu tariqa, fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan masala o‘z yechimini topdi hamda iste’molchining buzilgan huquqini tiklashga erishildi.
Ushbu holat iste’molchilar bilan sotuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarda mahsulot sifati, xaridorning qonuniy talablari va murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish masalalari naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tizimidagi hududiy birlashma va tuman jamiyatlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Unutmang, iste’molchi sifatida o‘z huquqlaringizni bilish va zarur hollarda ularni himoya qilish uchun murojaat qilish muhimdir.
Sifatsiz mahsulot uchun to‘langan 2 million 50 ming so‘m iste’molchiga qaytarildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 15
























