Boysun tumanida sifatsiz maishiy texnika mahsuloti xarid qilgan iste’molchining murojaati o‘rganilib, unga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Boysun tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi fuqaro Dilbar Sattorova 2026-yil 20-may kuni Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaatda fuqaro tumanda joylashgan maishiy texnika savdo do‘konidan 8 million 400 ming so‘mga “PREMIUM” rusumli muzlatkich xarid qilgani, biroq mahsulot sifatsiz chiqqani bayon etilgan.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, xarid qilingan muzlatkichda qisqa muddat ichida nosozlik kuzatilgan. Shundan so‘ng u do‘kon xodimlariga murojaat qilib, sifatsiz mahsulot uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib berishni so‘ragan. Ammo uning qonuniy talabi e’tiborsiz qoldirilgani sababli fuqaro amaliy yordam so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Mazkur murojaat Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganildi. O‘rganish davomida savdo do‘koni mas’ullariga amaldagi qonunchilikda iste’molchilarning sifatsiz mahsulot xarid qilgan taqdirda o‘z huquqlarini talab qilish tartibi belgilab qo‘yilgani tushuntirildi.
Xususan, iste’molchi sifatsiz mahsulot sotib olgan taqdirda, uni sifatlisiga almashtirish, mahsulotdagi nuqsonlarni bepul bartaraf etishni talab qilish yoki to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olish huquqiga ega. Shu asosda fuqaroning murojaati yuzasidan sotuvchi bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijasida fuqaro Dilbar Sattorovaga xarid qilingan sifatsiz muzlatkich uchun to‘langan 8 million 400 ming so‘m pul mablag‘i qaytarib berildi.
Ushbu holat iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi va zarur hollarda mas’ul tashkilotlarga murojaat qilishi muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, maishiy texnika mahsulotlarini xarid qilishda kassa yoki tovar cheki, kafolat taloni hamda mahsulotga oid hujjatlarni saqlab qo‘yish iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholining iste’mol madaniyatini oshirish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi? Unda bizga murojaat qiling.
1091 — Yagona ishonch telefoni (soat 09:00 dan 18:00 ga qadar)
murojaat.istemol.uz
























