Boysun tumanida fuqaroning 2 million 300 ming so‘mlik xaridi yuzasidan murojaati o‘rganildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish borasida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Boysun tumani “Tuzbozor” mahallasida yashovchi fuqaro Alimov Tursun Xolboyevich tomonidan yo‘llangan.
Fuqaro 2026-yil 2-oktabr kuni jamiyatga murojaat qilib, Boysun tumani At-Termiziy ko‘chasi hududida joylashgan qurilish mollari savdo do‘konidan 2 300 000 so‘mga suv tortish motori xarid qilganini, biroq mahsulot nosoz chiqqani sababli uni do‘konga qaytarib olishni so‘raganini bildirgan. Murojaatida do‘kon xodimi uning talabiga e’tibor bermaganini ham qayd etgan.
Mazkur murojaat Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida iste’molchiga xarid qilingan mahsulotni sifatsizligi sababli almashtirish yoki ushbu mahsulot uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olish mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, savdo do‘koni xodimiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari hamda iste’molchining sifat borasidagi haq-huquqlari tushuntirildi.
2026-yil 6-oktabr kuni tuzilgan suhbat bayonnomasida fuqaro murojaatini o‘rganish jarayonida berilgan tushuntirishlardan qanoat hosil qilganini bildirgani qayd etilgan.
Shu tariqa, fuqaroning murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, unga o‘zining iste’molchi sifatidagi huquqlaridan foydalanish tartibi bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, iste’molchilarga huquqiy tushuntirishlar berish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























