Sifatsiz sokajimallas uchun to‘langan 200 ming so‘m bo‘yicha iste’molchiga huquqiy tushuntirish berildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Boysun tumani “Sho‘rsoy” mahallasida yashovchi fuqaro Xasanova Jasmina Rustamovna tomonidan jamiyatga yo‘llangan.
Fuqaro 2026-yil 5-oktabr kuni murojaat qilib, Boysun tumani bozori hududida joylashgan aralash mollar savdo do‘konidan 200 000 so‘mga sokajimallas xarid qilganini, biroq mahsulot sifatsiz chiqqani sababli uni do‘konga qaytarib olishni so‘raganini bildirgan. Murojaatchining qayd etishicha, do‘kon xodimi mahsulotni qaytarib olish masalasiga e’tiborsiz munosabatda bo‘lgan.
Mazkur murojaat Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida fuqaro sifatsiz deb topilgan mahsulotni almashtirish yoki mahsulot uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olish mumkinligi haqida ma’lumot oldi.
Shuningdek, savdo do‘koni xodimiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari hamda iste’molchining sifat borasidagi haq-huquqlari tushuntirildi.
2026-yil 7-oktabr kuni tuzilgan suhbat bayonnomasida murojaat muallifiga o‘rganish natijalari va berilgan tushuntirishlar ma’lum qilingani, fuqaro esa o‘rganish va tushuntirishlardan qanoat hosil qilganini bildirgani qayd etilgan.
Shu tariqa, fuqaroning murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, unga iste’molchi sifatidagi huquqlaridan foydalanish bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Har bir iste’molchi xarid qilayotgan mahsulotining sifati va belgilangan talablarga muvofiqligiga e’tibor qaratishi, huquqlari buzilgan taqdirda esa tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi mumkin.
























