Boysun tumanida iste’molchi huquqi sud orqali tiklandi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi uchun asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday holatlardan biri Boysun tumani “Kosiblar” mahallasida yashovchi fuqaro Turaboyev Baxodir Abirovich bilan bog‘liq bo‘lib, uning murojaati sud tartibida ko‘rib chiqildi.
Fuqaro xonadonida foydalanilayotgan 0003-480-sonli elektr energiyasi abonent hisob raqami bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelganiga qaramay, elektr ta’minoti korxonasi hisob-kitob bazasida 2 234 365 so‘m miqdorida noreal penya qarzdorligi shakllangan. Mazkur qarzdorlik Majburiy ijro byurosi orqali undirish uchun tegishli hisobot dasturiga ham kiritilgan.
Fuqaro ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida bir necha bor elektr ta’minoti korxonasiga murojaat qilgan. Biroq natija bo‘lmagach, Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish natijasida iste’molchi manfaatlarini himoya qilish maqsadida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudiga da’vo arizasi kiritildi.
2026-yil 5-avgust kuni sudda mazkur fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi. Sud muhokamasi davomida elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan dasturga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilishi oqibatida iste’molchi nomiga penya qarzdorligi hisoblanganligi, 2 234 365 so‘m miqdoridagi qarzdorlik noreal ekanligi aniqlangan.
Sud ish hujjatlari va taraflarning tushuntirishlarini o‘rganib, iste’molchining talablarini asosli deb topdi.
Iste’molchi foydasiga sud qarori chiqarildi
Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo talablari to‘liq qanoatlantirildi. Jumladan:
-
Fuqaro Turaboyev Baxodir Abirovich nomiga hisoblangan 2 234 365 so‘m miqdoridagi noreal penya qarzdorligini bekor qilish belgilandi.
-
Mazkur qarzdorlikni abonent hisob raqami hisobot dasturidan chiqarish majburiyati yuklatildi.
-
Javobgar tashkilot hisobidan davlat foydasiga 824 000 so‘m davlat boji undirish belgilandi.
-
Da’vogar foydasiga dastlabki da’vo arizasi uchun to‘langan 41 200 so‘m pochta xarajatini undirish belgilandi.
Natijada fuqaroning elektr energiyasi uchun to‘lovlari bilan bog‘liq muammosi sud tartibida hal etilib, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga erishildi.
Mazkur holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish bilan bir qatorda, zarur hollarda sud orqali ham ularning manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Har bir fuqaro o‘ziga nisbatan asossiz qarzdorlik hisoblangan yoki huquqlari buzilgan deb hisoblasa, tegishli tashkilotlarga murojaat qilish va qonuniy tartibda o‘z huquqlarini himoya qilish huquqiga ega.
























