Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi hamda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi viloyat birlashmasi hamkorligida aholi uchun yaratilayotgan xizmatlar sifati va ulardan barcha fuqarolarning teng foydalanish imkoniyatlarini ta'minlash maqsadida “Sirli mijoz” usulida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida viloyat hududidagi qator dorixona va tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan infratuzilma, xizmatlardan foydalanish qulayligi hamda kirish-chiqish sharoitlari tahlil qilindi.
Xususan, ob'ektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslarning mavjudligi va texnik holati, kirish eshiklarining qulayligi, harakatlanish uchun maxsus yo‘laklar, axborot belgilarining joylashtirilishi hamda xizmat ko‘rsatish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ayrim ob'ektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur infratuzilma elementlari mavjud emasligi yoki belgilangan talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi. Shu bilan birga, bir qator dorixona va tibbiyot muassasalarida mazkur toifadagi fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratilgani kuzatildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas'ul tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga tegishli tavsiyalar berildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi uchun qulay va inklyuziv xizmatlar muhitini shakllantirish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishga qaratilgan o‘rganishlar izchil davom ettiriladi.
























