Sotuvchiga talab qo‘yish tartibi: iste’molchi nimalarni bilishi kerak?
Do‘kondan xarid qilingan mahsulot sifatsiz chiqsa, nuqson aniqlansa yoki sotuvchi shartnoma bo‘yicha majburiyatini bajarmasa, iste’molchi o‘z talablarini bildirish huquqiga ega. Buning uchun avvalo sotuvchiga murojaat qilish, talabni aniq ifodalash va xaridni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlab qo‘yish muhim.
O‘zbekistonda iste’molchilarning huquqlari “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan kafolatlangan. Qonunga ko‘ra, iste’molchi tovar yoki xizmat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumot olish, sifatli va xavfsiz mahsulotdan foydalanish hamda huquqlari buzilgan taqdirda zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Mahsulot nuqsonli chiqsa, nima qilish mumkin?
Qonunning 13-moddasida nuqsonli tovar sotilgan taqdirda iste’molchining huquqlari belgilangan.
Bunday vaziyatda iste’molchi, holatga qarab:
tovarni aynan shunday, ammo sifatli tovarga almashtirishni;
boshqa model yoki markadagi tovarga almashtirishni va narxdagi farqni qayta hisoblashni;
tovar narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etishni;
shartnomani bekor qilib, tovar uchun to‘langan pulni qaytarishni talab qilishi mumkin.
Ya’ni, sifatsiz mahsulot xarid qilinganida iste’molchi faqat sotuvchining “qaytarib olmaymiz” degan javobiga rozi bo‘lishi shart emas.
Talabni qanday bildirish kerak?
Amaliy jihatdan talabni yozma shaklda berish maqsadga muvofiq. Unda:
sotuvchining nomi;
iste’molchining F.I.Sh. va aloqa ma’lumotlari;
mahsulot qachon va qayerdan xarid qilingani;
mahsulotning nomi va imkon qadar boshqa identifikatsiya ma’lumotlari;
aniqlangan nuqson yoki muammo;
sotuvchidan aynan nima talab qilinayotgani;
xaridni tasdiqlovchi hujjatlar haqida ma’lumot
ko‘rsatiladi.
Masalan, iste’molchi pulini qaytarishni xohlasa, talab qismida shartnomani bekor qilish va tovar uchun to‘langan mablag‘ni qaytarishni so‘rashi mumkin.
Chek bo‘lmasa, huquqdan mahrum bo‘linadimi?
Xaridni tasdiqlovchi hujjat — chek, shartnoma, elektron to‘lov ma’lumotlari va boshqa dalillarni saqlab qo‘yish iste’molchining manfaatlari uchun muhim.
Biroq xaridni tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi masalasi bilan birga boshqa dalillar ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli xarid vaqtida berilgan chek, kafolat taloni, shartnoma, to‘lov haqidagi SMS yoki elektron ma’lumotlarni o‘chirib yubormaslik kerak.
Tovar haqida ma’lumot berish ham sotuvchining majburiyati
Iste’molchi xarid qilishdan oldin tovar yoki xizmat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumot olish huquqiga ega.
Bu ma’lumotlar mahsulotning xususiyatlari, ishlab chiqaruvchisi, foydalanish qoidalari, yaroqlilik muddati va boshqa muhim jihatlarni qamrab olishi mumkin. Qonunchilikda ayrim tovarlar bo‘yicha ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddatini ko‘rsatish talablari ham belgilangan.
Shuning uchun “mahsulot haqida ma’lumot bermadi” degan holat ham iste’molchi huquqlari buzilishi sifatida baholanishi mumkin.
Sotuvchi talabni bajarmasa-chi?
Agar sotuvchi iste’molchining qonuniy talabini bajarmasa yoki muammoni hal qilishdan bosh tortsa, iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha masalalarda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ham murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Qo‘mitaning yagona raqami — 1159.
Qonunda iste’molchilarning huquqlarini sud orqali himoya qilish ham nazarda tutilgan. Shuningdek, iste’molchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplash masalasi ham ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi — talabni aniq qo‘yish
Iste’molchi muammoga duch kelganda sotuvchi bilan faqat og‘zaki gaplashib qolmasdan, o‘z talabini yozma ravishda rasmiylashtirgani ma’qul. Bu keyinchalik nizoni hal qilishda muhim dalil bo‘lishi mumkin.
Sotuvchiga talab qo‘yish tartibi: iste’molchi nimalarni bilishi kerak?
- Информация о материале
- Автор: Sirdaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 13
























