Выберите язык

Kutilmagan hodisalar — yo‘l-transport hodisasi, tabiiy ofat, yong‘in, mulkka zarar yetishi yoki boshqa xavflar insonni moliyaviy qiyinchilikka duchor qilishi mumkin. Shunday vaziyatlarda sug‘urta xizmatlari zararni qoplashga yordam beradi.

Sug‘urta nima?

Sug‘urta — fuqaro yoki tashkilotning muayyan xavf tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy zararini shartnoma asosida qoplashga qaratilgan xizmat.

Bunda mijoz sug‘urta tashkiloti bilan shartnoma tuzadi va belgilangan sug‘urta mukofotini to‘laydi. Shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta hodisasi yuz bergan taqdirda esa sug‘urta kompaniyasi shartlar asosida tovon to‘lashi mumkin.

Masalan, avtomobil sug‘urtalangan bo‘lsa, shartnomada nazarda tutilgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganida transport vositasiga yetgan zarar belgilangan tartibda qoplanishi mumkin.

Sug‘urtaning qanday turlari mavjud?

Sug‘urta xizmatlari turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Jumladan:

  • transport vositalarini sug‘urtalash;

  • mol-mulkni sug‘urtalash;

  • sog‘liq va hayotni sug‘urtalash;

  • fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash;

  • sayohatchilarni sug‘urtalash;

  • boshqa turdagi sug‘urta xizmatlari.

Ayrim sug‘urta turlari qonunchilik talablariga muvofiq majburiy bo‘lishi, boshqalari esa fuqaroning xohishiga ko‘ra ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi mumkin.

Shartnomani o‘qimasdan imzolash mumkinmi?

Sug‘urta shartnomasini tuzishda eng muhim jihatlardan biri — uning shartlarini diqqat bilan o‘rganish.

Xususan, fuqaro quyidagilarga e’tibor qaratishi kerak:

  • sug‘urta qaysi xavflarni qamrab olishi;

  • sug‘urta summasi qancha ekani;

  • sug‘urta mukofoti miqdori;

  • tovon to‘lash tartibi va muddati;

  • qaysi holatlar sug‘urta hodisasi hisoblanmasligi;

  • shartnomani bekor qilish shartlari;

  • murojaat qilish tartibi.

Chunki sug‘urta kompaniyasining majburiyati aynan shartnomada belgilangan shartlarga bog‘liq bo‘ladi.

Sug‘urta hodisasi yuz bersa nima qilish kerak?

Sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda, avvalo shartnomada ko‘rsatilgan tartibga amal qilish lozim. Zarur hollarda tegishli davlat organlariga, masalan, yo‘l-transport hodisasi yoki yong‘in yuz bergan bo‘lsa, vakolatli xizmatlarga murojaat qilinadi.

Shuningdek, sug‘urta tashkilotiga belgilangan muddatda xabar berish va talab etilgan hujjatlarni taqdim etish kerak.

Iste’molchi nimalarga haqli?

Sug‘urta xizmatidan foydalanayotgan iste’molchi xizmat shartlari haqida to‘liq va tushunarli ma’lumot olish, shartnoma shartlari bilan tanishish hamda shartnomada nazarda tutilgan hollarda sug‘urta tovonini talab qilish huquqiga ega.

Agar sug‘urta tovonini to‘lash rad etilsa yoki iste’molchi hisob-kitobdan norozi bo‘lsa, avvalo sug‘urta tashkilotiga yozma murojaat qilish, zarur bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organlar yoki sudga murojaat qilish mumkin.

Muhimi — shartlarni oldindan bilish

Sug‘urta faqat hodisa sodir bo‘lganidan keyin kerak bo‘ladigan xizmat emas. Uning asosiy maqsadi — kutilmagan moliyaviy xavflarning oqibatlarini kamaytirish.

Shu sababli sug‘urta shartnomasini imzolashdan oldin uning barcha bandlarini o‘qib chiqish, tushunarsiz shartlarni aniqlashtirish va to‘lov hamda sug‘urta hodisasi bo‘yicha majburiyatlarni aniq bilib olish muhim.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening