Bugungi kunda onlayn savdo ko‘plab iste’molchilar uchun qulay xarid usuliga aylandi. Ayniqsa kiyim-kechak mahsulotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tanlash va buyurtma qilish odatiy holga aylanmoqda. Biroq ayrim hollarda reklama qilingan mahsulot bilan xaridorga yetkazilgan mahsulot o‘rtasidagi farqlar iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Shunday murojaatlardan biri Telegram bot orqali kelib tushdi.
Murojaatda aytilishicha, iste’molchi ijtimoiy tarmoqdagi onlayn savdo sahifasi orqali kiyim mahsulotiga buyurtma bergan. Sotuvchi tomonidan mahsulotni yuborish uchun oldindan to‘liq to‘lov amalga oshirilishi so‘ralgan va xaridor tomonidan belgilangan summa to‘langan.
Ammo mahsulot qabul qilib olingach, iste’molchi kutgan natija bilan amaldagi holat o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligi aniqlangan.
Murojaatchining qayd etishicha, yetkazib berilgan kiyim reklama va suratlarda ko‘rsatilgan ko‘rinishga mos kelmagan. Mahsulot sifati kutilgan darajada bo‘lmagan, tashqi ko‘rinishi va tikilish sifati bo‘yicha e’tirozlar yuzaga kelgan.
Eng e’tiborli jihatlardan biri — murojaatchi mahsulotni o‘z ehtiyojidan kelib chiqib tanlaganini bildirgan. Xususan, u hijobli ayol sifatida kiyim tanlashda matoning zichligi va ichki qoplamasi muhimligini ta’kidlagan. Biroq qabul qilingan mahsulotda ushbu jihatlar kutilgan talablarga mos kelmagani, natijada mahsulotdan maqsadga muvofiq foydalanish imkoniyati cheklangani qayd etilgan.
Iste’molchi masalani avval sotuvchining o‘zi bilan hal qilishga uringan, mahsulot bo‘yicha e’tirozlarini bildirgan hamda mablag‘ni qaytarish masalasida murojaat qilgan. Ammo murojaatga o‘z vaqtida munosabat bildirilmagani sababli belgilangan tartibda murojaat yo‘llangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Hududiy birlashmasi Zangiota tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida buyurtma tafsilotlari, mahsulot holati, xarid jarayonidagi ma’lumotlar hamda tomonlarning tushuntirishlari atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, iste’molchiga mahsulot haqida yetarli va aniq axborot taqdim etilgan yoki etilmagani masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar va olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida masala iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi hamda uning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, onlayn savdoda chiroyli surat yoki reklama emas, balki mahsulot haqidagi aniq ma’lumot, halol savdo va iste’molchiga hurmat ustuvor bo‘lishi kerak.
Iste’molchilarga tavsiya etiladi: xarid qilishdan oldin mahsulot tavsifi, mato tarkibi, qaytarish shartlari va sotuvchi haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganish lozim.
Huquqlaringiz buzildimi? Murojaat qiling.
📞 1091 — iste’molchilar murojaatlari uchun qisqa raqam
Suratdagi mahsulot — boshqa, qo‘lga kelgani — boshqa Zangiota tumanida onlayn savdo bo‘yicha murojaat joyiga chiqib o‘rganilib, ijobiy hal etildi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 11
























