O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 2026-yil 19-iyundan 19-avgustga qadar respublika hududidagi davlat tibbiyot muassasalarida jamoatchilik nazorati tartibida monitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ayni kunlarda mazkur monitoring Surxondaryo viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi davlat tibbiyot muassasalarida izchil davom ettirilmoqda. O‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, mavjud shart-sharoitlar, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda bemorlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulayliklarni xolisona baholashdan iborat.
Monitoring jarayonida tibbiyot muassasalarining qabul bo‘limlari, davolash xonalari, kutish joylari, sanitariya xonalari, ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik holati, dori vositalari va tibbiy buyumlarning saqlanish sharoitlari, shuningdek, hududning umumiy ozodaligi o‘rganilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarga tibbiy xizmatlar haqida zarur ma’lumotlarning ochiq va tushunarli tarzda taqdim etilishi, xizmat ko‘rsatish tartibi, navbatlarning tashkil etilishi, murojaatlar va shikoyatlarni qabul qilish tizimi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda keksa yoshdagi fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar davomida tibbiyot xodimlarining bemorlar bilan muomala madaniyati, tibbiy xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishi, muassasalarda iste’molchilar huquqlariga oid axborotlarning mavjudligi ham tahlil qilinmoqda. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va takliflar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish masalasi ilgari surilmoqda.
Monitoring tadbirlari qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida, xolislik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Jarayonda tibbiyot muassasalari faoliyatiga noqonuniy aralashmaslik, aniqlangan holatlarni dalillar asosida qayd etish hamda fuqarolarning sha’ni va qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga qat’iy rioya etilmoqda.
Surxondaryo viloyatining barcha hududlarida olib borilayotgan mazkur jamoatchilik monitoringi tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha aniqlangan holatlar umumlashtirilib, davlat tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
























