O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Indira Besimbayeva tomonidan gaz ta’minoti bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro xonadoniga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi masalasida amaliy yordam so‘ragan. Mazkur murojaat belgilangan tartibda Qumqo‘rg‘on tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali “Qumqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida murojaatda ko‘rsatilgan holatlar mas’ul xodimlar tomonidan joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqildi. Fuqaroning gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalasi yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, xonadoniga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ta’minlandi. Natijada murojaat ijobiy hal etildi.
Mazkur holat aholining kundalik hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kommunal xizmatlar sifati va uzluksizligini ta’minlashda murojaatlar bilan ishlash tizimining ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda muammolarga qonuniy yechim topish iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil hisoblanadi.
Qumqo‘rg‘on tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining murojaatlarini o‘rganish, iste’molchilarga amaliy-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























