Mamlakatimizda yuridik taʼlim sifatini oshirish, yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu maqsadda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi oʼrtasida 2026-yil 13-aprel kuni imzolangan hamkorlik memorandumi va uni amalga oshirish boʼyicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida qator amaliy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Tadbirda Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov hamda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xodjayev ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur tashabbus taʼlim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish, sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va zamonaviy talablarga javob beradigan huquqshunos kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, 2026-yil 23-iyundan 25 avgustga qadar universitetning 189 nafar talabasi Federatsiyaning hududiy birlashmalari hamda tuman (shahar) jamiyatlarida yozgi stajirovka oʼtamoqda. Unda talabalar murojaatlar bilan ishlash, mediatsiya, sud-daʼvo ishlarini yuritish, huquqiy targʼibot va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi boshqa yoʼnalishlarda nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlamoqda.
Memorandum ijrosining muhim natijalaridan biri sifatida 2026-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi huzurida Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi va sud himoyasi fakulьteti Аkademik departamenti sho‘ʼbasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Аkademik departament sho‘ʼbasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni ilmiy va amaliy jihatdan oʼrganish, talabalarning kasbiy koʼnikmalarini rivojlantirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda ilmiy-tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Sho‘ʼba doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqish, shartnomaviy nizolarni hal etish, sudgacha kelishuv va mediatsiya jarayonlari, sud-daʼvo amaliyoti, qonunchilik ijrosini tahlil qilish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga oid ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitet professor-oʼqituvchilari, talabalar va Federatsiya mutaxassislari ishtirokida klinik seminarlar, amaliy keyslar tahlili, davra suhbatlari hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkaziladi. Taʼlim jarayoniga amaliy o‘qitish, stajirovka va dual taʼlim elementlarini keng joriy etish, o‘quv dasturlarini soha ehtiyojlari asosida takomillashtirish ham sho‘ʼbaning ustuvor vazifalari hisoblanadi.
Mazkur tashabbus yuridik taʼlim va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani yanada mustahkamlash, raqobatbardosh va yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
























