Iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda kundalik hayotda iste’molchi sifatida o‘z huquqlarini bilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Toshkent Arxitektura-qurilish universitetida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasi hamda Yunusobod tuman jamiyati hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari, iste’molchilarning asosiy huquqlari, shuningdek, tovar va xizmatlarni xarid qilish jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Xususan, sifatsiz mahsulot sotib olinganda yoki xizmatlar belgilangan talablar asosida ko‘rsatilmaganda iste’molchilar qanday huquqlarga ega ekani, bunday holatlarda qayerga va qanday tartibda murojaat qilish mumkinligi haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida iste’molchilar bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda ularning qonuniy yechimlariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar ishtirokchilariga o‘z huquqlarini bilish, xarid va xizmatlardan foydalanish jarayonida huquqiy jihatdan to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda huquqlari buzilgan taqdirda tegishli tartibda murojaat qilish muhimligi tushuntirildi.
Bunday ma’rifiy tadbirlar aholining, xususan, yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, iste’molchilar madaniyatini yuksaltirish va jamiyatda iste’molchi huquqlariga hurmat munosabatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda aholiga huquqiy tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari davom ettiriladi.
Toshkent Arxitektura-qurilish universitetida iste’molchilar huquq va manfaatlariga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 10
























