UCH OY KUTILGAN BITIRUV ALBOMLARI — MUROJAATDAN SO‘NG TALABALARGA TOPSHIRILDI
Oliy ta’lim muassasasini tamomlash — har bir talaba hayotidagi unutilmas va hayajonli davrlardan biri.
Ana shu kunlarni bir umrga muhrlash maqsadida bitiruvchi talabalar esdalik uchun vinyetka va bitiruv albomlari tayyorlatish maqsadida fotostudiya xizmatidan foydalanishgan. Talabalar kelishuv asosida xizmat uchun talab etilgan mablag‘larni oldindan to‘lab qo‘yishgan. Biroq oradan bir oy emas, ikki oy emas — uch oy vaqt o‘tsa ham, xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan buyurtma qilingan fotosuratlar va vinyetkalar tayyorlab berilmagan.
Uzoq kutishlardan natija bo‘lmagach, bitiruvchilardan biri o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Iste’molchi boti orqali murojaat qoldirdi.
Mazkur murojaat Namangan viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tizimida Namangan shahar jamiyati tomonidan qonuniy tartibda o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida xizmat ko‘rsatuvchi tomon bilan tegishli tartibda ish olib borilib, iste’molchilar oldidagi majburiyatlarni bajarish yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.
NATIJA ESA TALABALAR FOYDASIGA HAL BO‘LDI!
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida uzoq vaqt davomida kutib qolgan barcha bitiruvchi talabalarning fotosuratlari va buyurtmalari tayyorlanib, o‘z egalariga topshirildi. Shu tariqa, bitiruvchilarning uch oy davomida yechimini kutgan muammosi ijobiy hal etilib, ularning iste’molchi sifatidagi qonuniy manfaatlari tiklandi.
Bu holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, xizmat uchun pul to‘langan bo‘lsa, iste’molchi kelishilgan xizmatning o‘z vaqtida va lozim darajada bajarilishini talab qilish huquqiga ega.
























