Bugungi kunda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular duch kelayotgan muammolarni tezkor va samarali hal etish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ularning qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 17-sentabr kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasiga Federatsiyaning ishonch telefoni orqali Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.A. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro Yunusobod tumanida joylashgan “Jungle Family Club” kafesida tadbir o‘tkazish maqsadida oldindan bron qilgani hamda buning uchun 3 000 000 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirganini ma’lum qilgan. Biroq tadbir qoldirilganligi sababli fuqaro bu haqda kafe ma’muriyatini oldindan telefon orqali ogohlantirganiga qaramasdan, to‘langan mablag‘ uch oy davomida qaytarilmaganidan norozilik bildirgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar hududiy birlashmasi tarkibidagi Yunusobod tuman jamiyati xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida iste’molchiga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi hamda xizmat ko‘rsatuvchi subyekt bilan tegishli muzokaralar olib borildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fuqaroning qonuniy talabi qanoatlantirilib, avvaldan to‘langan 3 000 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi. Shu tariqa iste’molchining buzilgan huquqlari tiklanib, murojaat ijobiy hal etildi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda yuzaga kelayotgan muammolarni qonuniy asosda bartaraf etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Uch oy kutilgan mablag‘ iste’molchiga qaytarildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 12
























