Bugungi kunda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani sababli qurilish kompaniyalari bilan tuzilayotgan shartnomalar soni ham ko‘paymoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda iste'molchilar to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, va'da qilingan shartlar bajarilmasligi, uyning belgilangan muddatda topshirilmasligi yoki boshqa muammolarga duch kelmoqda. Ana shunday vaziyatlarda iste'molchining huquqiy bilimi va qonun bilan kafolatlangan huquqlari, bu borada iste'molchilik ijtimoiy harakati bilan hamkorligi katta ahamiyat kasb etadi.
Keling, Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi a'zosi S. O. ning Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga uy-joy masalasida yuzaga kelgan masala bilan qilgan murojaati misolida kredit shartlarida uy-joy xaridi masalalarining ayrim tomonlariga to‘xtalib o‘taylik.
Hujjatlarda keltirilishicha, fuqaroning turmush o‘rtog‘i qurilish kompaniyasi bilan xonadon sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan hamda umumiy qiymati 875 million 260 ming so‘m bo‘lgan xonadon uchun dastlabki to‘lovlarni amalga oshirgan. Lekin fuqaro turmush o‘rtog‘ining bevaqt olamdan olamdan o‘tishi ortidan oylik to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmasligini bildirgan va masalani hal etishda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat asosida Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Qurilish kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, iste'molchining manfaatlarini hisobga olgan holda yechim izlangan. Natijada fuqaroning avval xarid qilingan xonadonni kichikroq maydonli xonadonga almashtirish bo‘yicha so‘rovi qo‘llab-quvvatlanib, shu vaqtga qadar amalga oshirilgan to‘lovlarni qayta hisob-kitob qilish imkoniyati taklif etilgan. Bu esa fuqaroga u duch kelgan moliyaviy qiyinchilikdan chiqib olish imkoniyatini yaratib bergan. Bu holatda eng muhim jihat — iste'molchining murojaati e'tiborsiz qoldirilmagani va qonuniy asosda muammoni hal qilishga harakat qilinganidir.
Shu o‘rinda, turli shartlarda uy-joy xarid qilayotgan yurtdoshlarimizga "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning ayrim normalarini keltirib o‘tgan holda, bu borada nimalarga e'tiborli bo‘lishlari lozimligini eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz.
Yuqorida nomi zikr etilgan Qonun iste'molchilarning tovar, ish va xizmatlardan foydalanishdagi huquqlarini kafolatlaydi. Xususan, qonunning 4-moddasiga ko‘ra, iste'molchi:
- tovar (ish, xizmat)ning sifatiga;
- xavfsizligiga;
- to‘g‘ri va to‘liq axborot olishga;
- o‘z manfaatlarini himoya qilishga;
- yetkazilgan zararni qoplatishga bo‘lgan huquqlarga ega.
Uy-joy sotib olish ham xizmat munosabatlarining bir turi hisoblanadi. Shu bois qurilish kompaniyasi iste'molchiga shartnoma shartlari, to‘lov tartibi, xonadonning holati, topshirish muddati va boshqa muhim ma'lumotlarni aniq va to‘liq taqdim etishi shart.
Qonunning 6-moddasida esa iste'molchining tovar (ish, xizmat) haqida ishonchli axborot olish huquqi belgilangan. Demak, quruvchi tashkilot xaridorni chalg‘ituvchi yoki noaniq ma'lumot bermasligi lozim.
Shuningdek, qonunning 13-moddasiga muvofiq, agar xizmat shartnoma talablariga mos kelmasa yoki iste'molchining huquqlari buzilsa, u o‘z talablarini qonuniy tartibda qo‘yish huquqiga ega.
Mutaxassislar uy-joy sotib olishdan oldin quyidagilarga alohida e'tibor qaratishni tavsiya qiladi:
- shartnomani shoshilmasdan o‘qib chiqish;
- to‘lov jadvali va jarima shartlarini tushunib olish;
- qurilish kompaniyasining lisenziya va hujjatlarini tekshirish;
- berilgan va'dalarni og‘zaki emas, yozma shaklda rasmiylashtirish;
- har bir to‘lov uchun tasdiqlovchi hujjat saqlash.
Agar iste'molchi uy-joy xaridi masalalarida o‘z huquqlari buzilgan deb hisoblasa, bu boradagi vakolatli davlat idoralariga, shuningdek iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga yoki sud organlariga murojaat qilishi mumkin.
Uy-joy xaridi — inson hayotidagi eng muhim qarorlardan biri. Bunday jarayonda huquqiy savodxonlik, shartnomani chuqur o‘rganish va qonunlarda belgilangan huquqlarni bilish iste'molchini ko‘plab muammolardan asraydi. Farg‘ona shahridagi mazkur murojaat misoli shuni ko‘rsatadiki, iste'molchi o‘z huquqini talab qilsa va tegishli tashkilotlarga murojaat qilsa, muammoni qonuniy yo‘l bilan hal etish imkoniyati mavjuddir.
























