Hurmatli yurtdoshlar, aziz bolajonlar!
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan barcha farzandlarimizni, ularning ota-onalari va ustozlarini samimiy muborakbod etamiz!
Bugungi kunda har bir bolaning baxtli, sog‘lom va xavfsiz muhitda kamol topishi jamiyatning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, bola huquqlarini himoya qilish — kelajakni himoya qilish demakdir. Bu jarayonda bolalarning nafaqat ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoyaga oid huquqlari, balki ularning iste'molchi sifatidagi huquqlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir inson kabi bolalar ham kundalik hayotda turli tovar va xizmatlarning iste'molchisidir. Shu bois ularda erta yoshdanoq iste'molchilik madaniyatini shakllantirish, sifatli va xavfsiz mahsulotni tanlash, o‘z huquqlarini bilish va himoya qila olish ko‘nikmalarini rivojlantirish dolzarb vazifadir.
O‘zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni fuqarolarning xavfsiz, sifatli tovar va xizmatlardan foydalanish, to‘liq va haqqoniy axborot olish, zarar yetkazilganda uni qoplatish kabi huquqlarini kafolatlaydi. Ushbu qonunchilik asoslaridan bolalar va yoshlarning xabardor bo‘lishi ularni turli salbiy holatlardan asrash, ongli va mas'uliyatli iste'molchi sifatida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Dunyo miqyosida iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy harakatlar ham inson manfaatlarini ta'minlash, ayniqsa yosh avlodni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Xalqaro iste'molchilik harakati bugun nafaqat sifat va xavfsizlik, balki adolatli savdo, ekologik mas'uliyat va raqamli xavfsizlik kabi masalalarda ham jamoatchilik ovozini kuchaytirmoqda.
O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi barcha bolajonlarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan chin qalbdan tabriklaydi. Yurtimiz farzandlari doimo sog‘lom, bilimli, huquqiy ongi yuksak, baxtli va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
























