Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlariga o‘z vaqtida va samarali yechim topish O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni atroflicha o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Federatsiyaning “Ishonch telefoni” orqali Andijon viloyati, Andijon tumani, Gulobod MFY, Fayzobod ko‘chasi 67-uyda yashovchi fuqaro Jo‘rayev Bahodirdan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro uy-joyiga tegishli yer solig‘i uchun “Fayz Toyib” MCHJ orqali 17010501013067 kodi bo‘yicha 4 million 547 ming 320 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirganini, biroq mazkur mablag‘ tuman soliq organi hisobiga tushmaganligi sababli yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlik saqlanib qolayotganini bildirib, amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Oltinko‘l tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida Andijon tuman soliq inspeksiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda to‘lov hujjatlari va tegishli ma’lumotlar tahlil qilinib, to‘langan mablag‘ texnik sabablar tufayli Andijon viloyati soliq boshqarmasi hisobiga tushib qolganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, masalani ijobiy hal etish maqsadida murojaatchi ishtirokida Andijon viloyati soliq boshqarmasiga murojaat qilinib, holat joyida batafsil o‘rganildi. Olib borilgan amaliy ishlar natijasida yer solig‘i uchun to‘langan mablag‘ amaldagi tartib asosida Andijon tuman soliq organi hisobiga o‘tkazildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fuqaro Jo‘rayev Bahodirning yer solig‘i bo‘yicha mavjud qarzdorligi bartaraf etilib, murojaatda ko‘tarilgan masala ijobiy yechim topdi.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish hamda ularning muammolariga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























