Xarid qilinmagan telefon uchun rasmiylashtirilgan kredit muammosi ijobiy hal etildi
Namangan shahrida iste’molchining murojaati asosida xarid qilinmagan telefon uchun rasmiylashtirilgan kredit qarzdorligi bartaraf etildi.
2026-yil 5-oktabr kuni Namangan shahar ijro etuvchi apparatiga fuqaro tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Namangan shahri “Mobil Savdo” do‘konidan muddatli to‘lov asosida telefon xarid qilmoqchi bo‘lgan. Biroq do‘kon xodimlari bank tomonidan limit ajratilmaganini bildirib, xaridni rasmiylashtirishmagan.
Oradan bir oy o‘tgach, fuqaroga kredit qarzdorligini to‘lash yuzasidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Vaholanki, u hech qanday telefon xarid qilmagan edi.
Mazkur holatdan norozi bo‘lgan iste’molchi kredit shartnomasini bekor qilish maqsadida do‘konga murojaat qilgan, ammo ijobiy natijaga erisha olmagan.
🔎 Murojaat yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi
Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida fuqaro nomiga “Bir Zum Nasiya” hamda “Fortuna Biznes” mikromoliya tashkilotlari orqali jami 6 587 256 so‘mlik kredit rasmiylashtirilgani aniqlandi.
Jamiyat mutaxassislarining aralashuvi natijasida “Fortuna Biznes” mikromoliya tashkiloti bilan 2026-yil 21-avgustda tuzilgan B-42707/26-sonli shartnoma bo‘yicha 3 326 561 so‘mlik qarzdorlik bank komissiyasi bilan birga 27-oktabr kuni tashkilot tomonidan “Payme” ilovasi orqali to‘liq qoplandi.
Shuningdek, ikkinchi shartnoma yuzasidan fuqaroning roziligi va xohishiga ko‘ra, “Mobil Savdo” do‘konidan unga “HONOR X5e” rusumli telefon oyiga 276 ming so‘mdan to‘lash sharti bilan olib berildi.
Xarid qilinmagan telefon uchun rasmiylashtirilgan kredit muammosi ijobiy hal etildi
- Информация о материале
- Автор: Namangan viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 41
























