Kundalik ehtiyoj uchun xarid qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati har bir oila uchun muhim. Xaridor mahsulot tanlar ekan, uning sifatli va iste’molga yaroqli bo‘lishiga ishonadi. Bu ishonchni oqlash esa savdo jarayonining barcha ishtirokchilaridan mas’uliyat talab etadi. Mahsulot sifati yuzasidan bildirilgan har bir murojaatga e’tibor bilan yondashish nafaqat bir fuqaroning muammosini hal etishga, balki boshqa xaridorlar manfaatlarini himoya qilishga ham xizmat qiladi.
Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaro B.I.ning murojaati ham ana shunday masalalardan biriga yechim bo‘ldi. Fuqaro tuman dehqon bozoridan xarid qilgan paxta yog‘ining sifati pastligidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Qorako‘l tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi. Jarayonda murojaatda bayon etilgan holatga e’tibor qaratilib, masalani hal qilish yuzasidan tadbirkorlik subyekti bilan hamkorlikda ish olib borildi.
Natijada murojaatchining sifatsiz paxta yog‘i almashtirib berildi. Shuningdek, sifatsiz yog‘ mahsulotlari savdo rastasidan olib tashlanib, ularning boshqa xaridorlarga sotilishining oldi olindi.
Ushbu holat iste’molchining o‘z xaridiga befarq bo‘lmasligi va mahsulot sifatiga oid e’tirozini bildirishi muhimligini ko‘rsatadi. Bir murojaatga topilgan amaliy yechim boshqa iste’molchilar manfaatlariga ham daxldor bo‘lishi mumkin. Shu bois savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar sotuvga qo‘yilayotgan mahsulotlarning sifati, saqlash sharoiti va yaroqlilik muddatiga doimiy e’tibor qaratishi zarur.
Iste’molchilarga esa mahsulot xarid qilishda uning yorlig‘i, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini tekshirish, xarid chekini saqlab qo‘yish tavsiya etiladi. Sifatga oid muammo yuzaga kelganda, bu ma’lumotlar murojaatni o‘rganish va masalaga aniqlik kiritishda yordam beradi.
























