Har bir xarid iste’molchining mahsulot sifati va xavfsizligiga bo‘lgan ishonchi bilan amalga oshiriladi. Xaridor tovar xarid qilar ekan, u sifatli, xavfsiz va belgilangan talablarga to‘liq javob beradigan mahsulotni olishni kutadi. Agar ushbu ishonch oqlanmasa, iste’molchi o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Ana shunday murojaatlardan biri Baliqchi tumanidan murojaat qilgan fuqaro F.B. tomonidan bildirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2026-yil 8-may kuni Baliqchi tumani markazidagi Usmon Nosir ko‘chasida joylashgan maishiy texnika savdo do‘konidan 2 000 000 so‘m evaziga “Samsung” rusumli mikroto‘lqinli pech xarid qilgan. Biroq, mahsulotdan foydalanish jarayonida uning sifat talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Shundan so‘ng xaridor sifatsiz mahsulotni qaytarish hamda to‘lagan mablag‘ini qaytarib olish maqsadida savdo do‘koniga murojaat qilgan. Ammo uning qonuniy talabi do‘kon mas’ullari tomonidan qanoatlantirilmagan.
Shu bois fuqaro Baliqchi tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, iste’molchining talabi asosli ekani aniqlangan. Natijada tegishli huquqiy choralar ko‘rilib, sifatsiz mikroto‘lqinli pech uchun to‘langan 2 000 000 so‘m mablag‘ to‘liq iste’molchi foydasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, savdo do‘koni mas’ullariga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, kelgusida iste’molchilarning qonuniy huquqlariga rioya etish hamda shunga o‘xshash holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirildi.
Unutmang, iste’molchi — bu xaridor. Xaridorning huquqlari qonun bilan kafolatlangan va har bir murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
























