Выберите язык

Uy-joy sotib olish — inson hayotidagi eng muhim xaridlardan biri. Yangi xonadon bilan birga avvalgi mulkdorning kommunal qarzlari ham «meros» bo‘lib qolishi esa yangi ega uchun kutilmagan muammoga aylanishi mumkin.

Farg‘ona shahrida ana shunday holat yuz berdi. Yangi uy egasi suv ta'minoti bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lmagan qarzdorlik hisob raqamida saqlanib qolayotganidan norozi bo‘lib, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Hujjatlarga ko‘ra, fuqaro U.O‘. 2026 yil yanvar oyida Farg‘ona shahridagi xonadonni sotib olgan. Xarid jarayonida mazkur manzil bo‘yicha suv ta'minotidan qarzdorlik mavjudligi ma'lum bo‘lgan.

Oldi-sotdi shartnomasini notarial tartibda rasmiylashtirish jarayonida ushbu qarz avvalgi mulkdor tomonidan Majburiy ijro byurosining Farg‘ona shahar bo‘limiga to‘langan. Mantiqan, shu bilan masala yakunlanishi kerak edi.

Ammo oradan olti oy o‘tgach ham qarzdorlik suv ta'minoti korxonasining mijozlar bazasidan o‘chirilmagan. Yangi mulkdor esa amalda o‘ziga tegishli bo‘lmagan qarz bilan yuzma-yuz qolgan. Bu holat uni iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur qildi.

Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari murojaatni «Farg‘ona suv ta'minoti» AJ Farg‘ona shahar bo‘limi va Majburiy ijro byurosining tegishli bo‘limi mas'ullari ishtirokida o‘rgandi.

Hujjatda qayd etilishicha, avvalgi mulkdorning ichimlik suvidan 1 140 000 so‘m qarzdorligi hamda 18 750 so‘m ijro yig‘imi to‘langan. Biroq to‘langan mablag‘ suv ta'minoti korxonasining tegishli hisob raqamiga emas, elektr ta'minoti korxonasi hisob raqamiga o‘tkazib yuborilgani sababli suv ta'minoti tashkilotining mijozlar bazasida qarzdorlik o‘chirilmay qolgan.

Shunday qilib, iste'molchiga ko‘rsatilgan qarzning kelib chiqishi uning kommunal xizmat haqini to‘lamagani bilan emas, balki avval amalga oshirilgan to‘lovni hisobga olish jarayonidagi muammo bilan bog‘liq bo‘lgan.

Murojaat o‘rganilgach, tegishli tashkilotlar mas'ullari ishtirokida masalaga aniqlik kiritildi. Natijada iste'molchining shaxsiy hisob raqamida mavjud bo‘lgan 1 270 288 so‘m 11 tiyin miqdoridagi qarzdorlik hisobdan chiqarildi.

2026 yil 20 iyul holatiga ko‘ra, hisob-kitob qayta ko‘rib chiqilganidan keyin iste'molchining hisobida qarz emas, aksincha 22 778 so‘m 01 tiyin haqdorlik yuzaga kelgan. Ya'ni, bir vaqtning o‘zida ikki muhim natijaga erishildi: asossiz hisoblangan qarzdorlik bartaraf etildi va iste'molchining amalda ortiqcha to‘lovi mavjudligi aniqlandi.

Mazkur holat kommunal xizmatlardan foydalanuvchi iste'molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi.

Shaxsiy hisob raqamida qarz paydo bo‘lsa, uning qaerdan va qaysi davr uchun shakllanganini aniqlamasdan turib to‘lashga shoshilmaslik kerak. Ayniqsa, kvartira yoki hovli-joy sotib olinganda kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitob holatini tekshirish, oldingi mulkdorga tegishli qarzlar bo‘lsa, ularning to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash muhim.

Chunki to‘lov amalga oshirilganining o‘zi ba'zan yetarli bo‘lmasligi mumkin — mablag‘ning qaysi tashkilot va qaysi shaxsiy hisob raqamiga tushgani ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Agar kommunal tashkilot taqdim etgan hisob-kitobga nisbatan asosli shubha bo‘lsa, iste'molchi uni qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega. To‘lov kvitansiyalari, oldi-sotdi shartnomasi va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar bunday vaziyatda muhim dalil vazifasini bajaradi.

Farg‘ona shahridagi mazkur holat ham murojaatga befarq qaramaslik qanday natija berishi mumkinligini ko‘rsatdi: 1 million 270 ming so‘mdan ziyod qarzdorlik bekor qilinib, 22,7 ming so‘m haqdorlik tiklandi va iste'molchiga jami 1 million 293 ming so‘mdan ortiq naf keltirildi.

Ba'zan iste'molchi huquqini himoya qilish uchun yangi to‘lov qilish emas, eski to‘lov qaerga ketganini aniqlashning o‘zi kifoya qiladi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening