YAGONA VATAN, YAGONA XALQ BO‘LIB, YANGI HAYOT VA KELAJAK YARATAMIZ
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” g‘oyasi asosida NNT vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda : O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida malaka oshirgan hamda Assotsiatsiya huzuridagi “Trenerlar shtabi” a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jamoat tashkilotlari faollari Qashqadaryo viloyati iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi raisining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi - matbuot kotibi Botir Meyliyev, hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik tarixiy ahamiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtiroki masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” g‘oyasini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yurtdoshlarimizni Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida birlashtirish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolik faolligini yanada oshirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Davra suhbati ochiq muloqot va hamkorlik ruhida o‘tib, kelgusida nodavlat notijorat tashkilotlarining salohiyatini rivojlantirish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash hamda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni davom ettirishga kelishib olindi.
























