O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi tomonidan uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilarning ta’lim olish jarayonlari qay darajada tashkil etilayotgani yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — imkoniyati cheklangan, sog‘lig‘i sababli umumta’lim muassasasiga muntazam qatnay olmaydigan o‘quvchilarga belgilangan tartibda ta’lim berilayotganini, dars mashg‘ulotlari o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilayotganini hamda ota-onalar tomonidan bu borada bildirilayotgan fikr-mulohazalarni tahlil qilishdan iborat.
O‘rganish davomida o‘quvchining uy sharoitida ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar, dars jadvaliga rioya etilishi, o‘qituvchilarning mashg‘ulotlarga kelib-ketish holati, berilayotgan bilim sifati, o‘quv qurollari bilan ta’minlanganlik darajasi hamda ota-onalarning mavjud muammolari atroflicha ko‘rib chiqilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar bilan ishlashda nafaqat dars jarayonining tashkil etilishi, balki bolaning ijtimoiy faolligi, ruhiy qo‘llab-quvvatlanishi va ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois ushbu yo‘nalishda ta’lim muassasalari, mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlarga taklif va tavsiyalar berilishi, zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilishi belgilangan.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi tomonidan aholining, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarining qonuniy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim, xizmat va ijtimoiy muhitdagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























