Выберите язык

Yoz fasli kelishi bilan ko‘chalarda, bozorlar atrofida va aholi gavjum hududlarda uy sharoitida tayyorlangan ayron, go‘ja, qatiq, suzma, qaymoq hamda boshqa sut mahsulotlari savdosi sezilarli darajada ko‘payadi. Tashqi ko‘rinishidan yangi va tabiiy ko‘ringan bunday mahsulotlar ko‘pchilikning e'tiborini tortadi. Biroq iste'molchilar mahsulotning narxi yoki ta'midan avval uning xavfsizligi haqida o‘ylashi lozim.
Sut va sut mahsulotlari tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida ular belgilangan haroratda saqlanmasa, mahsulot tarkibida inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan mikroorganizmlar tez ko‘payishi mumkin. Eng xavotirli jihati shundaki, mahsulotning yaroqlilik muddati hali tugamagan bo‘lsa ham, saqlash sharoiti buzilgan taqdirda uning sifati va xavfsizligi yo‘qolishi mumkin.
Ko‘chalarda sotilayotgan ayrim sut mahsulotlari oddiy plastik idishlar yoki qayta ishlatilgan qadoqlarda, hech qanday yorliq va markirovkasiz realizatsiya qilinadi. Bunday mahsulotlarda ishlab chiqaruvchi kimligi, qayerda va qachon tayyorlangani, yaroqlilik muddati, saqlash sharoiti yoki tarkibi haqida hech qanday ma'lumot bo‘lmaydi. Bu esa iste'molchining qonun bilan kafolatlangan to‘liq va ishonchli axborot olish huquqini cheklaydi.
Tasavvur qiling, iste'molchi shunday mahsulotni xarid qildi va iste'mol qilgach zaharlanish holati yuz berdi. Mahsulotda ishlab chiqaruvchining nomi, manzili yoki boshqa identifikatsiya qiluvchi ma'lumotlar mavjud bo‘lmasa, javobgar shaxsni aniqlash deyarli imkonsiz bo‘ladi. Natijada iste'molchi o‘z huquqlarini himoya qilish, zararni undirish yoki vakolatli organlarga murojaat qilishda jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi.
Shu sababli har bir qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotida quyidagi ma'lumotlar bo‘lishi shart:
mahsulotning nomi;
ishlab chiqaruvchining nomi va manzili;
mahsulot tarkibi;
ishlab chiqarilgan sana;
yaroqlilik muddati;
saqlash sharoiti;
sof og‘irligi yoki hajmi;
zarur hollarda foydalanish bo‘yicha tavsiyalar hamda boshqa majburiy markirovka ma'lumotlari.
Iste'molchilarga kelib chiqishi noma'lum, markirovkasiz va tegishli saqlash sharoitlariga rioya qilinmagan sut mahsulotlarini xarid qilmaslik tavsiya etiladi. Xarid qilishdan oldin mahsulotning yorlig‘i, qadoqlanishi va saqlanish sharoitiga albatta e'tibor qaratish, imkon qadar xarid cheki yoki to‘lovni tasdiqlovchi hujjatni saqlab qo‘yish maqsadga muvofiq.
Unutmang! Sifatli mahsulot faqat uning yaroqlilik muddati bilan emas, balki to‘g‘ri saqlanishi, to‘liq markirovkaga ega bo‘lishi va kelib chiqishi aniq ekanligi bilan ham baholanadi. Ongli tanlov esa salomatlikni asrashning eng muhim kafolatidir.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening