Yoz mavsumi savdo va xizmat ko'rsatish sohasida eng faol davrlardan biri hisoblanadi. Ayni kunlarda savdo markazlari, internet do'konlari va ijtimoiy tarmoqlarda "50 foiz", "70 foiz", hatto "90 foizgacha chegirma" degan reklamalarga tez-tez ko'zimiz tushadi. Tabiiyki, bunday takliflar xaridor e'tiborini tortadi. Ammo har bir katta chegirma ham haqiqiy chegirma degani emas.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ayrim tadbirkorlar avval mahsulot narxini sun'iy ravishda oshirib, keyinchalik uni "chegirma" sifatida e'lon qiladi. Natijada iste'molchida mahsulot arzonlashgani haqida taassurot paydo bo'ladi. Aslida esa xaridor mahsulotni bozordagi odatiy narxda yoki ba'zan undan ham qimmatroq narxda xarid qilayotgan bo'lishi mumkin.
Yana bir holat shundaki, reklamada katta chegirma va'da qilinadi, biroq do'konga borganda mazkur narx faqat bitta mahsulotga yoki allaqachon sotilib ketgan tovarlarga tegishli ekani ma'lum bo'ladi. Qolgan mahsulotlar esa reklamadagidan butunlay boshqa narxda taklif etiladi.
Bunday holatlar iste'molchini chalg'itishi va uning ongli tanlov qilish huquqiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi Qonuniga ko'ra, iste'molchi mahsulot va xizmatlar haqida to'liq, ishonchli va o'z vaqtida axborot olish huquqiga ega. Reklama va narxlar haqidagi ma'lumotlar ham iste'molchini chalg'itmasligi, uning tanloviga noto'g'ri ta'sir ko'rsatmasligi lozim.
Shu sababli xarid qilishdan oldin mahsulotning avvalgi narxi va amaldagi narxini solishtirish, chegirmaning amal qilish muddati va shartlari bilan tanishish, shuningdek narx faqat ayrim mahsulotlarga tegishli emasligiga ishonch hosil qilish tavsiya etiladi.
Mutaxassislar iste'molchilarga quyidagi tavsiyalarni beradi:
reklamadagi "katta chegirma"ga shoshilinch qaror bilan javob bermang;
mahsulotning boshqa savdo nuqtalaridagi narxini ham solishtiring;
aksiya shartlarini diqqat bilan o'qing;
xarid chekini saqlab qo'ying;
reklama va amaldagi narx o'rtasida asossiz tafovut aniqlansa, dalillarni saqlang.
Halol raqobat sharoitida chegirma xaridorni jalb qilish vositasi bo'lishi mumkin. Ammo u iste'molchini chalg'itish usuliga aylanmasligi kerak. Xaridorning xabardorligi esa adolatli savdo muhitini shakllantirishning eng muhim omillaridan biridir.
Agar siz ham reklamada e'lon qilingan chegirma amalda mavjud emasligi yoki iste'molchini chalg'ituvchi boshqa holatlarga duch kelsangiz, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha Respublika ishonch telefoni — 1091 orqali murojaat qilishingiz mumkin.
"70 foiz chegirma" — haqiqatan ham chegirmami? Iste'molchi reklamalarga ishonishdan oldin nimalarni tekshirishi kerak
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 7
























