Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda iste’molchilarga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jamiyatga Sherobod tumani “Yoshlik” mahallasi, Abdurahmon J. ko‘chasida yashovchi fuqaro S.A. tomonidan muddatli to‘lov asosida telefon xarid qilish bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro “I-NASIYA” savdo do‘koni orqali JP-30 PRO rusumli telefonni muddatli to‘lov asosida xarid qilmoqchi bo‘lgani, shu asosda shartnoma rasmiylashtirilgani, biroq xarid qilinishi lozim bo‘lgan telefon o‘z vaqtida murojaatchiga yetkazib berilmagani bayon etilgan.
Mazkur murojaat Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan jamoatchilik tartibida o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida murojaatchi ishtirokida holat atroflicha ko‘rib chiqildi hamda tegishli tartibda “I-NASIYA” savdo do‘koni vakillari bilan suhbat o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, fuqaro S.A. nomiga JP-30 PRO rusumli telefon uchun 7 380 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan. Biroq murojaatchi nomiga rasmiylashtirilgan buyurtma amalda yetkazib berilmagani, ya’ni telefon mahsuloti iste’molchiga topshirilmagani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganish davomida iste’molchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida sotuvchi tomonga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Xususan, iste’molchiga tovarni belgilangan tartibda yetkazib berish, shartnoma majburiyatlarini bajarish hamda mahsulot topshirilmagan holatda asossiz qarzdorlik hisoblashga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida xaridor va sotuvchi o‘rtasida rasmiylashtirilgan muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilindi. Fuqaro S.A. nomiga hisoblangan 7 380 000 so‘m miqdoridagi asossiz qarzdorlik bekor qilinishi ta’minlandi.
Murojaat ijobiy hal etilgach, fuqaro tomonidan Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislariga minnatdorlik bildirildi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchi har qanday xarid jarayonida shartnoma shartlari, mahsulot yetkazib berilishi, to‘lov majburiyatlari va kafolat hujjatlariga alohida e’tibor qaratishi lozim. Ayniqsa, muddatli to‘lov asosida xarid qilinayotgan mahsulotlar bo‘yicha shartnoma mazmuni bilan to‘liq tanishish, mahsulot haqiqatda topshirilganini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash muhim ahamiyatga ega.
Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda fuqarolarga amaliy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
























