Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda iste’molchilarga amaliy-huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘aro mahallasida yashovchi fuqaro S.H. tomonidan savdo munosabatlari bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro farzandlari uchun yotoq mebeli xarid qilgani, biroq oradan qisqa vaqt o‘tib mebelning matras qismida cho‘kish holati yuzaga kelgani bayon etilgan. Iste’molchi ushbu masala yuzasidan savdo markazi mas’ullariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmagani sababli amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mas’ul xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganish jarayonida Sho‘rchi tumanida joylashgan savdo markazi vakillari ham ishtirok etib, murojaatda ko‘rsatilgan holatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tekshiruv davomida iste’molchi tomonidan bildirilgan e’tirozlar asosli ekani, ya’ni yotoq mebelining matras qismida haqiqatan ham cho‘kish holati mavjudligi aniqlandi. Shundan so‘ng savdo markazi mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari, xususan, iste’molchiga sotilgan mahsulot sifatli bo‘lishi, xarid qilingan tovarda nuqson aniqlangan taqdirda iste’molchining qonuniy talablari bajarilishi zarurligi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan tovarning nuqsoni aniqlanganda, mahsulotni sifatlisiga almashtirish, nuqsonni bepul bartaraf etish, narxini qayta hisoblash yoki to‘langan pulni qaytarishni talab qilish huquqiga ega. Mazkur holatda ham iste’molchining qonuniy manfaati inobatga olinib, muammoni amaliy tartibda hal etish choralari ko‘rildi.
Natijada fuqaro S.H. farzandlari uchun xarid qilgan yotoq mebellari “Garant” savdo markazi hisobidan ta’mirlab berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning qonuniy huquq va manfaatlari ta'minlandi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchi xarid jarayonida mahsulot sifati, kafolat shartlari, chek va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarga alohida e’tibor qaratishi lozim. Tovarda nuqson aniqlanganda esa o‘z vaqtida sotuvchiga yozma murojaat qilish va zarur hollarda iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga murojaat etish muhim ahamiyatga ega.
Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining murojaatlarini o‘rganish, fuqarolarga amaliy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
























