Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tizimidagi Yuqorichirchiq tumani jamiyati tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida hududda uy ta’limida tahsil olayotgan o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur o‘rganishlar davomida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i sababli umumta’lim muassasalariga qatnay olmaydigan hamda uy sharoitida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ta’lim jarayoni bevosita joyiga chiqib ko‘zdan kechirildi.
Xususan, o‘quvchilarga ajratilgan o‘quv jihozlari, darslik va o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash joyidagi umumiy sharoitlar hamda o‘qituvchilar tomonidan olib borilayotgan ta’lim sifati atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida o‘quvchilarning ota-onalari bilan bevosita muloqot o‘rnatilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi. Ota-onalar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar qayd etilib, mavjud qonunchilik asosida zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Monitoring davomida aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, mas’ul tashkilotlarga yetkazilishi belgilandi. Mazkur o‘rganishlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olish huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqorichirchiq tumani jamiyati tomonidan bu kabi o‘rganish va monitoring ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
























