Boysun tumanida fuqaroning murojaati o‘rganilib, sifatsiz “LG” avtomat kir yuvish mashinasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatsiz mahsulotlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish hamda iste’molchilarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Boysun tumanining “Mustaqillik” mahallasida yashovchi fuqaro G. Sohibova jamiyatga murojaat qilgan. Murojaatga ko‘ra, fuqaro Boysun tumanining At-Termiziy ko‘chasi markaziy hududida joylashgan aralash mollar savdo do‘konidan 4 million 800 ming so‘mga “LG” rusumli avtomat kir yuvish mashinasi xarid qilgan.
Biroq xariddan so‘ng mahsulotning sifatsizligi aniqlangan. Fuqaro mahsulotni qaytarib olishni so‘rab do‘kon xodimiga murojaat qilgan, ammo murojaati e’tiborsiz qoldirilganidan norozi bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat jamiyat tomonidan fuqaroning ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida iste’molchining huquqlari va murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Natijada fuqaro uchun xarid qilingan mahsulot uchun to‘lagan 4 million 800 ming so‘m mablag‘ini qaytarib olish yoki shu rusumdagi boshqa mahsulotni olish imkoniyati mavjudligi ma’lum qilindi. Shuningdek, do‘kon xodimiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari hamda iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirildi.
Shu tariqa, fuqaroning murojaati o‘rganilib, uning manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy imkoniyatlar yaratildi. Bu holat iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va sifatsiz mahsulotga duch kelganda muammoni qonuniy tartibda hal etish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhimligini ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida!
























