Bugungi kunda aholining aksariyati o‘z imkoniyati va moliyaviy sharoitidan kelib chiqib, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda maishiy texnika vositalarini muddatli to‘lov asosida xarid qilmoqda. Biroq ayrim hollarda xarid qilingan mahsulot yoki to‘lov shartlari iste’molchining ehtiyojiga va imkoniyatiga mos kelmay qolishi mumkin.
Xuddi shunday holatlardan biri Xatirchi tumanining "Qo‘shchinor" MFY, Nafosat ko‘chasi, 38-uyda yashovchi fuqaro Xusanov Shomuhammadali bilan yuz berdi. U 2026-yil 21-mart kuni "IDEA" savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida muzlatgich xarid qilgan. Biroq muzlatgich modeli va oilaviy sharoiti o‘ziga mos kelmagani, shuningdek, shartnomada belgilangan oylik to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagani sababli, o‘sha kunning o‘zida savdo do‘koniga murojaat qilib, tuzilgan muddatli to‘lov shartnomasini bekor qilishni so‘ragan. Ammo uning murojaati rad etilgan.
Shundan so‘ng fuqaro amaliy yordam so‘rab Xatirchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat bilan murojaat qildi.
Murojaat asosida jamiyatning mas’ul xodimlari hamda "IDEA" MChJ vakillari ishtirokida holat belgilangan tartibda o‘rganildi. O‘rganish davomida fuqaroning e’tirozlari asosli ekani inobatga olinib, 7 185 600 (yetti million bir yuz sakson besh ming olti yuz) so‘mlik muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilindi.
Mazkur holat iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va amaliy yechim topish borasida olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
7 185 600 SO‘MLIK MUDDATLI TO‘LOV SHARTNOMASI BEKOR QILINDI
- Информация о материале
- Автор: Navoiy viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 149
























