Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda iste’mol bozorida adolatli munosabatlarni ta’minlash O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 1091 qisqa ishonch telefoni orqali fuqaro A.Ch. tomonidan “Texnomart” savdo tarmog‘i faoliyati yuzasidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro muddatli to‘lov asosida xarid qilgan Premier 50PRM2020USV Smart rusumli televizorda nosozlik yuzaga kelgani, mahsulot servis markazida tekshiruvdan o‘tkazilib, dastlab kamchilik bartaraf etilgan bo‘lsa-da, qisqa muddat o‘tib yana ayni nosozlik takrorlangani ma’lum qilingan.
Mazkur murojaat O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar Yunusobod tumani jamiyati tomonidan amaldagi qonunchilik talablari asosida o‘rganildi hamda “Texnomart” MChJga rasmiy murojaat yuborildi.
O‘rganishlar natijasida “Texnomart” MChJ iste’molchining e’tirozlarini asosli deb topib, kafolat muddati davomida yuzaga kelgan nuqson sababli mahsulotni 6 million 900 ming so‘m qiymatidagi yangi televizorga almashtirib berdi. Shu tariqa fuqaroning qonuniy talabi qanoatlantirildi va iste’molchining buzilgan huquqlari to‘liq tiklandi.
Mazkur holat “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq ravishda hal etilib, iste’molchi manfaatlari amalda ta’minlanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fuqarolarni xarid qilingan mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmat yuzasidan huquqlari buzilgan hollarda befarq bo‘lmaslikka, o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun Federatsiya va uning hududiy bo‘linmalariga murojaat etishga chaqiradi. Iste’molchilar murojaatlarining qonuniy va adolatli hal etilishi Federatsiyaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Nosoz televizor yangisiga almashtirib berildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 14
























