Toshkent viloyati Toshkent tumani “Ibrat” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Gulmira Bekmurodova onlayn savdo jarayonida yuzaga kelgan muammo bo‘yicha O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, iste’molchi 2026-yil 4-iyul kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida faoliyat yurituvchi “OMARR GROUP” onlayn savdo kanalidan 798 ming so‘mlik qozon to‘plamiga buyurtma bergan va tegishli shartnoma rasmiylashtirgan. Biroq oradan bir necha hafta o‘tganiga qaramay, buyurtma iste’molchiga yetkazib berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro 27-iyul kuni Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilib, amaliy yordam so‘ragan. Murojaat Uzun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilib, onlayn savdo kanali mas’ullari bilan tegishli tartibda muzokaralar olib borildi.
O‘rganish va tushuntirish ishlari natijasida iste’molchining 798 ming so‘mlik qozon to‘plami qisqa muddatda o‘ziga yetkazib berildi. Shu tariqa murojaat ijobiy hal etilib, fuqaroning iste’molchi sifatidagi qonuniy manfaatlari ta’minlandi.
Gulmira Bekmurodova murojaati tezkorlik bilan ko‘rib chiqilgani va buyurtmasi olib berilgani uchun Uzun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz: iste’molchilar savdo, xizmat ko‘rsatish yoki onlayn xaridlar jarayonida muammoga duch kelgan taqdirda Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilishlari mumkin.
























