Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga kirib kelgani sayin bank xizmatlari ham ancha qulaylashdi. Endilikda kredit olish uchun bankka borish, uzoq navbat kutish yoki ko‘plab hujjatlar rasmiylashtirish talab etilmaydi. Bir necha daqiqa ichida mobil telefon orqali kredit olish imkoniyati mavjud. Biroq qulaylik ortidan xavf ham kelayotgani bugungi murojaatlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ayniqsa, fuqarolar nomiga ularning roziligisiz onlayn kredit rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq holatlar so‘nggi paytlarda ko‘payib bormoqda. Bu esa iste’molchilarning moliyaviy xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlari himoyasi masalasini yanada dolzarb qilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudida ko‘rib chiqilgan navbatdagi ish ham aynan ana shunday murojaatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur ish Qibray tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro manfaatida “Agrobank” ATBga nisbatan kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudga kiritilgan da’vo asosida ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2024-yil 9-avgust kuni fuqaro nomiga 16 million 600 ming so‘m miqdorida onlayn kredit rasmiylashtirilgan. Biroq fuqaro kredit olish uchun murojaat qilmaganini, kredit mablag‘idan foydalanmaganini hamda ushbu holatdan keyinchalik xabar topganini bildirgan.
Dastlab fuqaro bank kartasidan mablag‘lar yechilayotganini payqagan. Keyinchalik esa uning nomiga kredit rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilib, tergov harakatlari boshlangan hamda mazkur voqea bilan bog‘liq shaxsga nisbatan jinoyat ishi ham ko‘rib chiqilgani aniqlangan.
Sud jarayonida taqdim etilgan hujjatlar, dalillar va taraflarning tushuntirishlari atroflicha o‘rganilib, iste’molchining huquqlari buzilgani inobatga olindi. Natijada fuqaro bilan “Agrobank” ATB o‘rtasida tuzilgan 162460-sonli onlayn oferta kredit shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.
Mazkur sud qarori nafaqat bir iste’molchining manfaatini himoya qildi, balki bugungi kunda raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanishda ehtiyotkorlik qanchalik muhim ekanini ham yana bir bor ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aksariyat holatlarda firibgarlar fuqarolarning ishonchiga kirish orqali noqonuniy harakatlarni amalga oshirmoqda. Ayrim hollarda ular o‘zini bank xodimi sifatida tanishtiradi, ba’zan esa turli havolalar yoki telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bank kartasi ma’lumotlari va SMS-tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritishga urinadi.
Eng achinarlisi, ko‘plab fuqarolar oddiy ehtiyotsizlik sabab katta moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. Natijada ular o‘zlari olmagan kredit uchun qarzdorga aylanib qolmoqda.
Shu bois mutaxassislar fuqarolarni quyidagi xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda:
— bank kartasi raqami, PIN-kod va SMS-tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik;
— ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlar orqali yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslik;
— noma’lum shaxslar yuborgan ilovalarni telefon qurilmasiga yuklab olmaslik;
— o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ishonib maxfiy ma’lumotlarni aytmaslik;
— bank xizmatlaridan foydalanishda faqat rasmiy ilova va manbalarga murojaat qilish.
Bugungi kunda iste’molchi huquqlarini himoya qilish masalasi faqat savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bilan cheklanib qolmayapti. Endilikda raqamli xavfsizlik ham iste’molchi manfaatlarini himoya qilishning muhim qismiga aylanmoqda.
Har bir fuqaro o‘zining shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy xavfsizligiga befarq bo‘lmasligi zarur. Chunki birgina ehtiyotsizlik katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar siz ham iste’molchi sifatida shunga o‘xshash muammolarga duch kelsangiz, hududiy iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga yoki Respublikaning 1091 qisqa ishonch raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
AGROBANK BILAN TUZILGAN ONLAYN KREDIT SHARTNOMASI SUD TOMONIDAN HAQIQIY EMAS DEB TOPILDI
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 15
























