Andijon viloyatida aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qonuniylik tiklandi. Natijada 2026 yil mart oyida 764 milion, aprel oyida esa 664 milion so‘m miqdoridagi to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilar foydasiga hal etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 414-son qarori hamda viloyat hokimining topshiriqlariga muvofiq, jamoatchilik nazorati asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, “Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish” xizmatini ko‘rsatuvchi tuman va shahar filiallari tomonidan 2025–2026 yil qish mavsumida belgilangan qatnov jadvaliga to‘liq rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Sovuq ob-havo sharoiti, gaz ta’minotidagi uzilishlar hamda yoqilg‘i yetishmovchiligi sababli maxsus texnika vositalarining faoliyatida to‘xtalishlar kuzatilgan. Oqibatda ayrim hududlarda chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmagan va aholiga ko‘rsatilgan xizmat sifati belgilangan talablarga javob bermagan.
Mazkur holatlar chuqur tahlil qilinib, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun undirilgan 1 milliard 438 million so‘m miqdoridagi to‘lovlar bekor qilindi va qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilar manfaatiga yo‘naltirildi.
Mutasaddi tashkilotlar vakillarining ta’kidlashicha, ushbu qaror aholining faol murojaatlari, fuqarolik pozitsiyasi va jamoatchilik nazorati samarasida qabul qilingan adolatli yechim hisoblanadi.
“Har bir iste’molchi o‘z huquqlarini bilib, ularni himoya qilishda faollik ko‘rsatsa, mavjud muammolar o‘z yechimini topadi. Mazkur holat bunga yaqqol misoldir”, — deya ta’kidladi mutasaddilar.
Andijon viloyatidagi ushbu tajriba iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazorati, ochiqlik va hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqladi. Mazkur adolatli amaliyot boshqa hududlar uchun ham namuna bo‘lishi kutilmoqdа.
























