“Bio Texno Eco” korxonasi tomonidan fuqaro nomiga noto‘g‘ri hisoblangan 590 000 so‘mlik qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi natijasida mavjud kamchilik bartaraf etildi.
Angor tumanida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish hamda asossiz hisoblangan to‘lovlarni bartaraf etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, tumanning Yangi Turmush mahallasida yashovchi fuqaro Farid Mengliyev Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, “Bio Texno Eco” toza hudud korxonasi tomonidan uning nomiga 590 000 so‘m miqdorida noreal qarzdorlik hisoblanganligi va ushbu holat sababli elektr ta’minotiga cheklov qo‘yilganligidan noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganishga olindi.
O‘rganish jarayonida jamiyat mutaxassislari “Bio Texno Eco” korxonasi xodimlari bilan uchrashib, fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan holat yuzasidan qayta hisob-kitob ishlarini tashkil etdilar.
Qayta hisob-kitob natijasida iste’molchi nomiga hisoblangan 590 000 so‘m qarzdorlik noto‘g‘ri shakllantirilgani aniqlanib, mazkur kamchilik bartaraf etildi.
Shu tariqa, fuqaro Farid Mengliyevning murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etilib, uning huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Ushbu holat kommunal xizmatlar bilan bog‘liq hisob-kitoblarda aniqlik va shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, asossiz qarzdorliklarni aniqlash va iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























