Uch oy davomida suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilmagan fuqaroning murojaati o‘rganilib, muammo ijobiy hal etildi.
Angor tumanida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar ko‘rsatishdagi kamchiliklarni aniqlash hamda aholi murojaatlarini ijobiy hal etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Angor tumani Yangiobod mahallasi Faravon ko‘chasida yashovchi fuqaro Muhabbat Yo‘ldosheva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, suyultirilgan gaz ta’minotidagi muammo yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaroning murojaatida bayon etilishicha, Angor tuman gaz ta’minoti tomonidan xonadoniga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, uch oy davomida gaz balloni bilan ta’minlanmagan. Natijada iste’molchi maishiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan gaz mahsulotini o‘z vaqtida ololmayotganidan norozi bo‘lgan.
Mazkur murojaat Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Muammoni hal etish maqsadida «Hududgaz ta’minoti» mas’ullari bilan bog‘lanilib, murojaatda ko‘rsatilgan holat yuzasidan tegishli tushuntirish va muzokaralar olib borildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan muammo bartaraf etildi. Xususan, 2026-yil 19-noyabr kuni fuqaro Muhabbat Yo‘ldoshevaning xonadoniga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi.
Shu tariqa, iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning tabiiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan maishiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammosi o‘z yechimini topdi.
Bu kabi murojaatlarning ijobiy hal etilishi kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish va aholi muammolariga befarq bo‘lmaslik muhimligini ko‘rsatadi.
Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
























