Iste’molchining murojaati Angor tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilib, sifatsiz xizmat uchun to‘langan 250 000 so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar davomida fuqarolarning sifatsiz xizmatlar yuzasidan bildirgan murojaatlari ham tegishli tartibda o‘rganilmoqda.
Xususan, Sherobod tumani Nurtepa mahallasida yashovchi fuqaro Nodira Uralova Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, Angor tumani savdo bozori hududida joylashgan «Miss Ledy» salonida qoshlarini bo‘yattirganini bildirgan.
Fuqaroning ta’kidlashicha, xizmat ko‘rsatish jarayonida salon ustasi tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilganligi sababli qoshlarini bo‘yash xizmati sifatsiz bajarilgan. Buning uchun u 250 000 so‘m to‘lov qilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan xizmat sifatidan norozi ekanligini hamda to‘langan pul mablag‘ini qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida salon ustasi bilan uchrashuv tashkil etilib, iste’molchining huquqlari va xizmat ko‘rsatish jarayonida qonun talablariga rioya etish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Natijada masala ijobiy hal etilib, «Miss Ledy» saloni tomonidan sifatsiz xizmat uchun iste’molchi to‘lagan 250 000 so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.
Shu tariqa, fuqaro Nodira Uralovaning murojaati ijobiy hal etilib, uning moddiy manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat xizmat ko‘rsatish sohasida iste’molchilar talab va manfaatlariga mas’uliyat bilan yondashish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ta’minlash hamda fuqarolarning qonuniy huquqlarini hurmat qilish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, sifatsiz xizmatlar yuzasidan kelib chiqayotgan muammolarni bartaraf etish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Unutmang! Agar sizga sifatsiz xizmat ko‘rsatilsa yoki iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
























