Toshloq tumanida yashovchi fuqaro xonadondagi suv hisoblagichi bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblangani yuzasidan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildi. Murojaatda xonadondagi suv hisoblagichi billing tizimida noto‘g‘ri aks etgani natijasida 630 kubometr hajmga teng yoki 2 million 172 ming so‘m miqdorida qarzdorlik yuzaga kelgani bildirilgan.
Murojaat Toshloq tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilib, masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Farg‘ona suv ta'minoti» AJ Toshloq tuman filialiga so‘rov yuborilgan. O‘rganish jarayonida fuqaroning xonadondagi suv hisoblagichi billing tizimida ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan. Keyinchalik hisoblagich korxonaning metrologiya bo‘limi tomonidan billing tizimiga tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Natijada iste'molchi zimmasiga hisoblangan asossiz qarzdorlik bekor qilinishiga erishilgan. Bu haqda suv ta'minoti korxonasi tomonidan rasmiy javob taqdim etilib, fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etilgan.
Iste'molchi uchun saboq
Ushbu holat kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarni muntazam tekshirib borish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Agar xonadonga tushunarsiz yoki asossiz qarzdorlik hisoblangan bo‘lsa, iste'molchi uni to‘lashga shoshilmasdan, avvalo qarzdorlikning kelib chiqish sabablarini aniqlashga haqli.
Mazkur holatda ham fuqaroning o‘z huquqini himoya qilish maqsadida qilgan murojaati natijasida asossiz qarzdorlik bartaraf etildi. Bu esa iste'molchining o‘z huquqlarini bilishi va zarur hollarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhim ekanini ko‘rsatadi.
























