Выберите язык

Tovarni xarid qilish jarayonida uning tashqi ko‘rinishi va butligiga e'tibor qaratish muhim. Ayniqsa, maishiy texnika kabi qimmatbaho mahsulotlar yetkazib berilganda, tovarni qabul qilib olishdan oldin uning holatini sinchiklab tekshirish keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini oladi.

Shunday holatlardan biri O‘zbekiston tumanida ham kuzatildi. Tuman markazidagi do‘konlardan biridan iste'molchi 7 000 000 so‘mlik Loretto LW-9016 BLDC-G rusumli avtomat kir yuvish mashinasini xarid qilishga qaror qiladi. Tomonlar o‘rtasida tovar qiymatini 2 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida shartnoma rasmiylashtiriladi. O‘sha kuni sotuvchi vakillari kir yuvish mashinasini iste'molchining xonadoniga yetkazib beradi.

Biroq tovarning qutisi ochilganida kutilmagan holat aniqlanadi: kir yuvish mashinasi korpusining tepa qismi pachoqlangan edi. Iste'molchi ushbu holatni e'tiborsiz qoldirmay, nuqsonni videoga oladi va videoni sotuvchiga yuboradi. Shu bilan birga, tovarni yangisiga almashtirib berishni so‘raydi.

Ammo sotuvchi tomoni tovarni almashtirish imkoni yo‘qligini, uni ta'mirlab berishlari mumkinligini ma'lum qiladi. Bu esa iste'molchini qanoatlantirmaydi. Chunki u yangi maishiy texnika xarid qilgan bo‘lib, tovarni qabul qilib olish jarayonining o‘zidayoq uning tashqi qismida shikast borligi aniqlangan edi.

Shundan so‘ng iste'molchi o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston tuman Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi. Murojaatni o‘rganish jarayonida jamiyat xodimlari amaldagi qonunchilik talablari, iste'molchining huquqlari hamda sotuvchining majburiyatlari yuzasidan savdo sub'ekti vakillari bilan tegishli tushuntirish ishlarini olib bordilar.

Natijada masala iste'molchi foydasiga hal etildi: pachoqlangan kir yuvish mashinasi sotuvchi tomonidan qaytarib olindi va taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Shu tariqa iste'molchi o‘zi kutgan sifatdagi tovarga ega bo‘lish yoki tovar bo‘yicha qonuniy talabini bildirish huquqidan amalda foydalandi.

Tovarni qabul qilayotganda shoshilmang!

Ushbu holatdan iste'molchilar uchun muhim xulosa chiqarish mumkin. Qimmatbaho maishiy texnika sotib olinganda, ayniqsa tovar uyga yetkazib berilsa, qutini ochish, tovarning tashqi ko‘rinishi, korpusi, butligi va ko‘zga ko‘rinadigan nuqsonlarini tekshirish maqsadga muvofiq.

Agar tovarda nuqson aniqlansa, uni foto yoki videoga olib qo‘yish, sotuvchiga yozma yoki elektron shaklda xabar berish va o‘z talabini aniq bildirish muhim. Zarur hollarda esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish orqali huquqiy yordam olish mumkin.

Yangi tovar xarid qilgan iste'molchi uni sifatli va but holda olishga haqli. Huquqni bilish esa uni himoya qilishning birinchi qadamidir.

 

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening