Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda asossiz undirilgan mablag‘larni qaytarish borasida Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Yaqinda fuqaro X. Mirzayeva Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, Damas avtomashinasiga litsenziya olish maqsadida to‘lagan 1 million 300 ming so‘m mablag‘i yuzasidan amaliy yordam so‘radi.
Mazkur murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganilib, holatga aniqlik kiritish maqsadida tumandagi “Nuriston” mahallasida joylashgan “Denov Sufiyon Sariosiyo” MChJ korxonasiga borildi.
O‘rganish davomida fuqaro tomonidan to‘langan mablag‘ning asosliligi masalasi ko‘rib chiqildi. Aniqlangan holatlar korxona rahbariga tushuntirilib, iste’molchining qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Natijada fuqaroning xohishiga ko‘ra, 1 million 300 ming so‘m miqdoridagi to‘lov mablag‘i to‘liq qaytarib berildi. Shu tariqa murojaatchining masalasi ijobiy hal etilib, uning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat iste’molchilarning huquqlarini bilishi va muammoli vaziyatlarga duch kelganda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va ularning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Asossiz undirilgan 1 million 300 ming so‘m iste’molchiga qaytarildi
- Информация о материале
- Автор: Surxondaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 13
























