ISTE’MOLCHI MANFAATI — E’TIBOR MARKAZIDA
Sifatsiz mahsulotga befarq bo‘lmaylik!
Bugungi kunda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish muhim vazifalardan biridir. Bu borada O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 — Ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan murojaatlar amaliy jihatdan o‘rganilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.
Jomboy tumanida yashovchi fuqaro E.Q ham ana shunday muammoga duch kelib, 1091 — Ishonch telefoniga murojaat qildi.
Murojaatchining ma’lum qilishicha, u 2026-yil 21-iyul kuni Jomboy tumani Arzazor ko‘chasida joylashgan “UCELL” do‘konidan 2 million 90 ming so‘m evaziga mobil telefon xarid qilgan. Biroq xariddan ko‘p o‘tmay, telefonning sifatsizligi aniqlangan.
Iste’molchi nosoz telefonni xariddan uch kun o‘tib do‘konga qaytarib olib borgan va to‘lagan pulini qaytarishni so‘ragan. Ammo uning talabi dastlab bajarilmagan. Natijada fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida mutasaddi tashkilotga murojaat qildi.
Murojaat Jomboy tumani ise'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Natijada fuqaroning murojaati ijobiy hal etilib, uning talabi qanoatlantirildi.
Bu kabi murojaatlarning amaliy yechim topayotgani iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi va ularni himoya qilish mexanizmlaridan faol foydalanishi muhimligini ko‘rsatadi.
Zero, iste’molchi huquqi — qonun bilan himoyalangan huquqdir. Har bir fuqaro sifatsiz yoki talabga javob bermaydigan mahsulotga duch kelganida o‘z huquqlarini talab qilishdan cho‘chimasligi lozim.
1091 — Ishonch telefoni esa iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ko‘makchi bo‘lib xizmat qilmoqda.
ISTE’MOLCHI MANFAATI — E’TIBOR MARKAZIDA Sifatsiz mahsulotga befarq bo‘lmaylik!
- Информация о материале
- Автор: Samarqand viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 15
























