O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasida sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va jamoatchilik bilan ishlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh soha vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z mehnati, mas’uliyati va kasbiga sadoqati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi insonlarning xizmatlari e’tirof etildi. Quvonarlisi, ushbu yuksak e’tirof Toshkent viloyati vakillarini ham chetlab o‘tmadi. Viloyatimizdan ikki nafar soha vakili — Yuqori Chirchiq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Mutallipov Abdulaziz Abduraximovich hamda Chirchiq shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida faoliyat yuritgan marhum Aybushev Salavat Zarifovichning mehnatlari munosib baholanib, ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu e’tirof, avvalo, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishdek muhim va mas’uliyatli yo‘nalishda yillar davomida sidqidildan xizmat qilgan insonlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Ayniqsa, Yuqori Chirchiq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Mutallipov Abdulaziz Abduraximovich uchun ushbu taqdirlash alohida ahamiyatga ega. U ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida jamoatchilik bilan ishlash, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida katta tajriba to‘plagan. Uning rahbarligida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur o‘rganish, muammolarga qonuniy yechim topish, zarur hollarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish hamda iste’molchilar manfaatlarini sudlarda himoya qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mutallipov Abdulaziz Abduraximovich o‘z faoliyatida nafaqat murojaatlarni ko‘rib chiqish, balki fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga o‘z huquqlarini anglatish va iste’molchilik madaniyatini yuksaltirishga ham katta ahamiyat beradi. Uning ko‘p yillik tajribasi, mas’uliyatli yondashuvi, prinsipialligi va tashkilotchilik qobiliyati jamoa faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Ayniqsa, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga murojaat qilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishilgani uning amaliy faoliyatidagi muhim natijalardan biridir. Bu boradagi qat’iyat va huquqiy bilim iste’molchi manfaatlarini himoya qilishda o‘z samarasini berib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, Mutallipov Abdulaziz Abduraximovich uchun mazkur ko‘krak nishoni uning ko‘p yillik mehnat faoliyatidagi yettinchi medal va mukofot sifatida alohida e’tiborga loyiq. Har bir mukofot ortida yillar davomida qilingan mehnat, izlanish, mas’uliyat va xalq manfaatiga xizmat qilishdek ezgu maqsad mujassam. Shu bois bugungi e’tirof nafaqat bir xodimning, balki butun jamoaning mehnatiga berilgan munosib baho sifatida ham qadrli. Tantanali marosimda soha fidoyilarining mehnati alohida e’tirof etilib, ularning jamiyatdagi o‘rni va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi xizmatlari ta’kidlandi. Tadbirda taqdirlanganlar qatorida Chirchiq shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi, marhum Aybushev Salavat Zarifovichning ham nomi alohida hurmat bilan tilga olindi. Uning sohada olib borgan faoliyati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi xizmatlari e’tirof etilib, mukofot marhumning xotirasiga hurmat ramzi sifatida qabul qilindi. Insonning umr yo‘li uning ortidan qoladigan yaxshi nomi, qilgan ezgu ishlari va elga qilgan xizmati bilan o‘lchanadi. Aybushev Salavat Zarifovichning mehnat faoliyati ham soha jamoasi xotirasida ana shunday iz qoldirgan.Bugungi taqdirlash marosimida Toshkent viloyatidan ikki nafar vakilning e’tirof etilgani viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida mehnat qilayotgan barcha xodimlar uchun ham katta faxr va rag‘batdir. Zero, iste’molchi huquqlarini himoya qilish — bu oddiy xizmat vazifasi emas. Bu har kuni insonlar murojaatini tinglash, ularning muammosiga befarq bo‘lmaslik, qonun doirasida yechim izlash va eng muhimi, adolat qaror topishi uchun mas’uliyat bilan harakat qilishni talab etadigan sharafli faoliyatdir. Mustaqillik bayrami arafasida soha fidoyilarining ana shunday e’tirof etilishi ularning ko‘p yillik mehnatiga bo‘lgan hurmatning yorqin ifodasidir. Mutallipov Abdulaziz Abduraximovichning navbatdagi, yettinchi mukofoti ham uning yillar davomida el-yurt manfaatiga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishdek ezgu maqsadga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotganidan dalolat beradi. Bu kabi e’tiroflar sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodimga yangi kuch, yangi mas’uliyat va yanada katta marralar sari intilish uchun rag‘bat beradi. Toshkent viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi jamoasi nomidan Mutallipov Abdulaziz Abduraximovichni ushbu munosib mukofot bilan samimiy muborakbod etamiz. Unga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, uzoq umr va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi sharafli faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz. Marhum Aybushev Salavat Zarifovichning xotirasi esa hamisha hurmat bilan yod etiladi.
📞 1091 — Yagona ishonch telefoni (dushanba–juma, soat 09:00–18:00)
🌐 murojaat.istemol.uz
🌐 istemol.uz
#bayram_shukuhi El xizmatidagi fidoyilar e’zozlandi: Toshkent viloyatidan ikki nafar soha vakili taqdirlandi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 6
























