Suyultirilgan gaz aholi uchun kundalik hayotda eng zarur kommunal resurslardan biri bo‘lib, xonadonlarning maishiy ehtiyojlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan belgilangan muddatlarda, uzluksiz va sifatli ta’minlash ularning qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan biridir. Mazkur huquqlar buzilgan holatlarda esa murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish, qonunchilik asosida muammoni bartaraf etish hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini tiklash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Jalaquduq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ish yurituviga O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali Jalaquduq tumani, “Boycheki” MFY, “Nafosat” ko‘chasi, 47-uyda yashovchi fuqaro A.Berdaliyevning gaz ta’minoti sohasida iste’molchi sifatidagi huquqlarini tiklash yuzasidan murojaati kelib tushdi.
Murojaatda iste’molchiga belgilangan muddatlarda suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmagani, buning natijasida xonadonning kundalik ehtiyojlarini qondirishda qiyinchiliklar yuzaga kelgani qayd etilgan.
Murojaat yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida “Jalaquduqtumangaz” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchi yashash hududiga joriy yilning fevral oyida suyultirilgan gaz yetkazib berilgani, biroq undan so‘ng joriy yilning may oyiga qadar qayta suyultirilgan gaz yetkazib berilmagani aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan “Jalaquduqtumangaz” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan “Aholi va ijtimoiy soha obyektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari yuzasidan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, murojaatda ko‘rsatilgan muammoni bartaraf etish va iste’molchining buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan zarur tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida “Jalaquduqtumangaz” gaz ta’minoti filiali tomonidan Boycheki mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi va fuqaro Berdaliyev Abduraxmon Abduraimovichning Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga yo‘llagan murojaati ijobiy hal etildi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni amaldagi qonunchilik asosida hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, har bir ijobiy hal etilgan murojaat iste’molchi huquqlarining amalda ta’minlanishi, qonun ustuvorligi va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
























