Kafolat — bu shunchaki va’da emas, balki qonun bilan himoyalangan iste’molchi huquqidir. Mahsulot xarid qilinganidan so‘ng uning sifati va kafolat shartlarining to‘liq bajarilishi iste’molchining qonuniy talabidir. Biroq ayrim holatlarda sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi korxona zimmasidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmasligi nizolarga sabab bo‘ladi. Ana shunday vaziyatlarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimidagi mutaxassislar tomonidan murojaatlar qonunchilik talablari asosida o‘rganilib, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Mana shunday murojaatlardan biri Andijon tumani “Mart” mahalla fuqarolar yig‘ini, Obod yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro M. O‘rinova tomonidan yo‘llandi. Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Andijon shahrida joylashgan “Texnomart” savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida, bir yil davomida kafolatli servis xizmati ko‘rsatish sharti bilan tikuv mashinasi xarid qilgan.
Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida, kafolat muddati tugamasdan avval tikuv mashinasi nosoz holatga kelgan. Iste’molchi kafolat shartlariga muvofiq servis xizmatidan foydalanish maqsadida sotuvchi korxonaga murojaat qilgan bo‘lsa-da, murojaat ijobiy hal etilmagan.
Mazkur murojaat Andijon tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan qonunchilik talablari asosida o‘rganilib, holat yuzasidan tegishli tartibda ish olib borildi. Olib borilgan o‘rganishlar va tushuntirish ishlari natijasida “Texnomart” savdo do‘koni tomonidan kafolat majburiyatlari bajarilib, tikuv mashinasi servis markazida ta’mirlandi hamda iste’molchiga soz holatda topshirilib, murojaat ijobiy hal etildi.
Har bir iste’molchi shuni unutmasligi lozimki, kafolat taloni oddiy hujjat emas, balki mahsulot sifati va sotuvchining majburiyatini belgilovchi qonuniy kafolatdir. Agar ushbu majburiyatlar bajarilmasa, o‘z huquqlaringizni himoya qilish maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishingiz mumkin. Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi.
























