Iste’molchi har qanday to‘lovni amalga oshirayotganda uning to‘g‘ri, xavfsiz va belgilangan hisob raqamiga o‘tkazilishiga ishonch bildiradi. Biroq ayrim hollarda texnik xatolik yoki inson omili sababli to‘lovlar boshqa abonent hisobiga tushib qolishi mumkin. Bunday vaziyatlarda iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatini xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda buzilgan huquqlarini tiklash vakolatli tashkilotlarning muhim vazifalaridan biridir.
Qo‘rg‘ontepa tumani, “Shahrixonsoy”MFYda yashovchi fuqaro Turdixon Toshmatova Qo‘rg‘ontepa tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro elektr energiyasi bo‘yicha mavjud qarzdorligini bartaraf etish maqsadida 2025-yil 21-noyabr kuni Qo‘rg‘ontepa tumani elektr ta’minoti bo‘limiga murojaat qilgan. Elektr ta’minoti xodimlari tomonidan ma’muriy bino yaqinidagi savdo shoxobchasi orqali to‘lovni amalga oshirish mumkinligi tavsiya etilgan. To‘lov jarayonida yuzaga kelgan texnik xatolik sababli 6 000 000 so‘m mablag‘ fuqaroning shaxsiy abonent raqami o‘rniga boshqa abonentning (1004045-sonli) hisob raqamiga o‘tkazib yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro noto‘g‘ri o‘tkazilgan mablag‘ni o‘zining elektr energiyasi abonent hisobiga qayta hisoblashda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.
Qo‘rg‘ontepa tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan murojaat belgilangan tartibda atroflicha va xolisona o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi talablariga muvofiq, murojaatda ilova qilingan hujjatlar asosida tegishli tashkilotga so‘rov xati yuborildi.
O‘rganish natijasida murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Haqiqatan ham 6 000 000 so‘m mablag‘ texnik xatolik sababli boshqa abonent hisobiga o‘tkazilganligi aniqlandi. Tegishli choralar ko‘rilishi natijasida ushbu mablag‘ murojaatchining elektr energiyasi abonent hisob raqamiga qayta hisob-kitob qilindi.
Natijada fuqaro Turdixon Toshmatovaning murojaati ijobiy hal etilib, uning buzilgan iste’mol huquqlari tiklandi.
























