Farzand — har bir oila va jamiyatning bebaho boyligi, millat kelajagining ishonchli poydevoridir. Shu bois bolalar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, ular foydalanadigan mahsulotlarning sifati hamda xavfsizligini ta’minlash davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Bugungi kunda bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, gigiyena vositalari va boshqa mahsulotlar assortimenti tobora kengayib bormoqda. Elektron tijorat va onlayn savdo platformalarining jadal rivojlanishi xarid qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda sifatsiz, qalbaki yoki belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning iste’mol bozoriga kirib kelishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bunday mahsulotlar bolalar salomatligi, jismoniy va ruhiy rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Bolalar organizmi kattalarga nisbatan ancha sezgir bo‘lgani sababli tarkibida zararli kimyoviy moddalar, toksik bo‘yoqlar, og‘ir metallar yoki boshqa xavfli komponentlar mavjud mahsulotlar allergik reaksiyalar, zaharlanish, teri va nafas yo‘llari kasalliklari, mexanik jarohatlar hamda boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori. Shu sababli bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlarga nisbatan xavfsizlik talablari alohida qat’iy belgilangan.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, har bir iste’molchi hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsiz mahsulotni xarid qilish huquqiga ega. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar esa mahsulotning xavfsizligini ta’minlashi, belgilangan standart va texnik reglamentlarga rioya qilishi hamda iste’molchiga mahsulot haqida to‘liq va ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart.
Mahsulot xarid qilishda uning muvofiqlik sertifikati, ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi haqidagi ma’lumotlar, markirovkasi, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati, bolaning yoshiga mosligi, tarkibi, foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomasi, qadoqning butunligi hamda xarid cheki mavjudligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Ayniqsa, internet orqali xarid qilishda faqat ishonchli elektron savdo platformalari va rasmiy sotuvchilardan foydalanish, mahsulot tavsifi, xaridorlar fikri hamda sifatni tasdiqlovchi hujjatlarni sinchiklab tekshirish tavsiya etiladi.
Agar xarid qilingan mahsulot belgilangan talablarga javob bermasa yoki unda nuqson aniqlansa, iste’molchi mahsulotni almashtirishni, nuqsonlarni bepul bartaraf etishni, to‘langan mablag‘ni qaytarishni, yetkazilgan zararni qoplashni hamda vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilib o‘z huquqlarini himoya qilishni talab etishga haqli.
Bolalar mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash davlat organlari, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, sotuvchilar, elektron savdo platformalari hamda ota-onalarning umumiy mas’uliyatidir. Har bir xaridda eng avvalo mahsulotning xavfsizligi, sifati va qonunchilik talablariga muvofiqligi ustuvor mezon bo‘lishi zarur.
Shuni unutmaylik: farzand salomatligi hech qanday arzon narx bilan o‘lchanmaydi. Xavfsiz mahsulotni tanlash — farzandga bo‘lgan mehr va mas’uliyatning eng muhim ifodasidir. Zero, xavfsiz mahsulot — sog‘lom farzand, sog‘lom avlod va Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi kafolatidir.
























