Iste’molchi xarid qilayotgan har qanday mahsulotining sifatli bo‘lishini va undan uzoq yillar davomida bemalol foydalanishni istaydi. Ayniqsa, maishiy texnikalar xarid qilinganda ularning ishonchli ishlashi hamda kafolat majburiyatlarining to‘liq bajarilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Afsuski, ba’zan yangi xarid qilingan mahsulotlarda ham nosozliklar yuzaga keladi. Bunday vaziyatlarda esa iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va ularni qonuniy yo‘l bilan himoya qilishi muhimdir.
Ana shunday murojaatlardan biri Baliqchi tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro A.M. tomonidan kelib tushdi. Murojaatda joriy yilning aprel oyida 7 300 000 so‘m evaziga xarid qilingan sovutgichda nosozlik mavjudligi, biroq kafolat muddati davom etayotganiga qaramay, servis xizmati tomonidan muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmayotgani bayon qilingan.
Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan batafsil o‘rganildi. O‘rganish davomida sovutgichga iste’molchi tomonidan hech qanday tashqi ta’sir yetkazilmagani, nosozlik esa qurilmaning ichki texnik qismi va sozlamalari bilan bog‘liq ekani aniqlandi.
Shundan so‘ng kafolat asosida xizmat ko‘rsatuvchi servis tashkiloti mutaxassislariga qonunchilik talablari yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi. Natijada servis xodimlari iste’molchining yashash manziliga borib, sovutgichni texnik ko‘rikdan o‘tkazishdi hamda zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirishdi. Ko‘rilgan choralar natijasida nosozlik to‘liq bartaraf etilib, sovutgichning me’yorida ishlashi ta’minlandi.
Mazkur holat iste’molchilarning kafolat muddati davomida yuzaga kelgan texnik nosozliklar bo‘yicha qonuniy huquqlari himoya qilinishini yana bir bor amalda tasdiqladi. Eng muhimi, o‘z vaqtida bildirilgan murojaat muammoning ijobiy hal etilishiga, iste’molchining huquq va manfaatlari tiklanishiga xizmat qildi.
























