Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent viloyati hududiy birlashmasida joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari hamda 2-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda hududiy birlashma hamda tuman va shahar jamiyatlari tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash, jamoatchilik nazorati, huquqiy targʻibot, sud ishlari va tashkiliy faoliyat yoʻnalishlarida erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilindi.
Hisobot davrida viloyatning barcha tuman va shaharlarida isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 274 ta jamoatchilik nazorati tartibidagi monitoring va kuzatuv-oʻrganishlar oʻtkazildi. Mazkur monitoringlar savdo, oziq-ovqat mahsulotlari, sogʻliqni saqlash, kommunal xizmatlar, gaz va suv taʼminoti hamda boshqa sohalarni qamrab oldi.
Yarim yillik davomida hududiy birlashmaga jami 310 ta murojaat kelib tushib, ularning 277 tasi koʻrib chiqildi. Murojaatlarni ijobiy hal etish natijasida isteʼmolchilar foydasiga 263 million 368 ming soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinib qaytarildi. Murojaatlar savdo, maishiy texnika, kommunal xizmatlar, gaz, elektr, suv taʼminoti, transport, aloqa va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oldi.
Isteʼmolchilar manfaatlarini sud tartibida himoya qilish borasida ham samarali ishlar olib borildi. Hisobot davrida sudlarga 7 ta daʼvo arizasi kiritilib, natijada isteʼmolchilar foydasiga 150 million 196 ming soʻm mablagʻ undirilishiga erishildi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida korxona, tashkilot va muassasalarda 283 ta targʻibot tadbiri hamda davra suhbatlari oʻtkazildi. Shuningdek, fuqarolarga 337 ta huquqiy maslahat berildi. Faoliyatning ochiqligini taʼminlash maqsadida televideniye, radio, internet nashrlari, rasmiy saytlar va Telegram kanallari orqali 200 dan ortiq axborot materiallari eʼlon qilindi.
Kengash yigʻilishida erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilinib, tizimda kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, isteʼmolchilar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini kengaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Toshkent viloyati hududiy birlashmasi kelgusida ham isteʼmolchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda aholiga sifatli huquqiy yordam koʻrsatish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
























