Iste’molchilar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, savdo rastalarida sifati talabga javob bermaydigan hamda yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari realizatsiyasining oldini olish maqsadida Bo‘stonliq tumanida tadbirkorlik subyektlarida monitoring-o‘rganish ishlari olib borildi.
Bo‘stonliq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) va xususiy korxonalarda (XK) savdo jarayonlari, iste’molchilarga taklif etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining holati hamda ularning yaroqlilik muddatlariga e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar davomida savdo rastalarida sotuvga qo‘yilgan turli xil oziq-ovqat mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. Mahsulotlarning qadoqlanishi, saqlanish holati va, eng muhimi, yaroqlilik muddatiga alohida e’tibor berildi.
Monitoring jarayonida yaroqlilik muddati o‘tgan ayrim oziq-ovqat mahsulotlari aniqlanib, ularning iste’molchilarga sotilishining oldini olish maqsadida savdo rastalaridan olindi.
Bu kabi holatlar iste’molchilarga mahsulot xarid qilish vaqtida uning nafaqat tashqi ko‘rinishi va narxiga, balki yaroqlilik muddati, qadoqlanishi, saqlash sharoiti va mahsulot haqidagi ma’lumotlarga ham e’tibor berish zarurligini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, tez buziluvchi va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilayotgan iste’molchi mahsulotning yaroqlilik muddatini tekshirmasdan xarid qilmasligi kerak. Chunki muddati o‘tgan mahsulot inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin.
Savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar esa iste’molchiga xavfsiz va sifatli mahsulot taklif etishi, mahsulotlarni belgilangan sharoitlarda saqlashi hamda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdoga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Bo‘stonliq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan bunday monitoring-o‘rganish ishlari iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga e’tiborni kuchaytirish va aholining iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida davom ettiriladi.
Hurmatli iste’molchi! Xarid vaqtida mahsulotning yaroqlilik muddatini albatta tekshiring. Muddati o‘tgan yoki sifati shubhali mahsulotni xarid qilmaslik — avvalo, o‘z sog‘lig‘ingizni himoya qilishdir.
Agar savdo jarayonida huquqlaringiz buzilganiga duch kelsangiz, 1091 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
Bo‘stonliq tumanida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi yuzasidan monitoring o‘tkazildi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 9
























